09:03 / 04.08.2015
4588

O‘zbekiston TIV chegaralar bo‘yicha muzokaralar Qirg‘iziston delegatsiyasining ekspertlik maqomiga nomuvofiqligi bois amalga oshmay qolganini iddao qilmoqda

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, davlat chegaralaridagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar O‘zbekiston tomonining shartlarni bir tomonlama o‘zgartirgani tufayli amalga oshmay qolgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu borada Qirg‘iziston diplomatiyasining e'tiborsizligi hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta'kidlamoqda.

Aytilishicha, 31 iyul kuni TIVga O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi Kamol Rashidov taklif qilindi. Diplomatik missiya rahbari o‘zaro kelishuvga ko‘ra ekspertlar guruhi hukumatlararo kelishuvlarni muhokama qilish uchun Toshkentga uchib ketganidan boxabar qilindi.

Qirg‘iziston tashqi siyosiy idorasining fikricha, O‘zbekiston tomonidan uchrashuv formati va shartlari o‘zgartirilgani haqida axborot Qirg‘iziston delegatsiyasi tarkibi tasdiqlanganidan so‘ng berilgan, shu bois muzokaralar amalga oshmagan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston TIV bu boradagi axborot Qirg‘iziston TIVga 5 iyun kuni yuborilganligini ta'kidlamoqda. Yangi taklifda ikki davlat chegara, bojxona, transport xizmatlari, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy idoralar vakillarining ekspert uchrashuvini tashkil qilish ko‘zda tutilgan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi siyosiy idorasi Qirg‘iziston faqatgina 24 iyul kuni delegatsiya tarkibini ma'lum qilganligini va bu tarkib ekspertlik darajasiga muvofiq emasligini ta'kidladi.

“O‘zbekiston TIV 26 iyul kuni yana bir bor o‘zining pritsipial yondashuvini e'tiborga olishni so‘rab murojaat qildi. Ammo Qirg‘iziston tomonidan 28 iyul kuni berilgan javobda bu yondashuv e'tiborga olinmagan. Shu kuniyoq O‘zbekiston TIV rasmiy nota bilan ayni paytda Qirg‘iziston tomonidan taklif qilingan tarkib bilan muzokaralar o‘tkazish mumkin emasligini xabar qildi”, – deyiladi xabarnomada.

Top