15:55 / 05.08.2015
24778

Toshkentda ommaviy janjal uyushtirgan qurolli o‘smirlar qo‘lga olindi

Toshkent shahri Shifokorlar shaharchasida ommaviy to‘polon uyushtirgan to‘pponchali o‘smirlar qo‘lga olindi.

«Huquq» nashri xabar berishicha, kelishmovchilik shu hududdagi «Ofarin» restoranida o‘tgan to‘y paytida yuz bergan. Dastlab ikki guruh yoshlar pichoq, dubinka va tayoq bilan kim kuchli ekanini aniqlashga uringan. Keyingi to‘qnashuvda esa o‘smirlar pnevmatik to‘pponcha, pichoq, benzin yordamida tayyorlangan tez yonuvchi aralashma vositasida bir-biriga hamla qilgan.

Ur-to‘polon payti o‘smirlardan biri jiddiy jarohatlangan, shifokorlar og‘ir ahvoldagi yigitning hayotini saqlab qolishgan. Qayd etilishicha, jamiyatdagi tartibni mensimay, shafqatsizlik va odam o‘ldirishga qasd qilgan o‘smirlar tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Jasur Oxunovning aytishicha, mudhish hodisada qatnashganlar asosan 1994—1998 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar hisoblanadi.

Top