12:39 / 06.08.2015
4210

Andijonda diplomfurushlik bilan shug‘ullangan kollej direktori va o‘rinbosari qo‘lga olindi

Andijon viloyatida faoliyat yuritgan, soxta diplomlar tayyorlab berish bilan shug‘ullanib kelgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Oqyor sanoat kasb-hunar kollejini 2013 yili 158 o‘quvchi bitirishi lozim edi. Ammo turli sabablarga ko‘ra ulardan 35 nafari kursda qoldirildi.
Mana shunday kunlardan birida direktor K. Do‘stmatovning oldiga o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Haydarov kelib, uchta o‘quvchiga pul evaziga diplom yozib berishni, barcha hujjatlar to‘g‘irlanishini ma'lum qildi.
Shu tariqa, bu ikki mansabdor shaxs soxta diplomlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, turli shaxslarga “xizmat ko‘rsata” boshladi. Hatto kollejni bitirmagan o‘quvchilarga ham diplom yozib berilaverdi. Shu yo‘l bilan guruh 19ta soxta diplom sotgan.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida ushbu kollejning boshqa xodimlari tomonidan 2010-2012 yillarda ham shunday jinoyatlar sodir etilganligi fosh etildi.
Huquq-tartibot organlari vakillarining xabar qilishicha, bu yerda soxta diplom tayyorlab berishning o‘rtacha narxi 500 dollar bo‘lgan.
K. Do‘stmatov 7 yilga, Haydarov 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ularga yordam bergan shaxslar 2-3 yilga qamaldi.

Top