17:32 / 07.08.2015
2851

YeII bilan chegaralar ochilgach, Qirg‘iziston 8ta nazorat punktidagi nazoratni bekor qiladi

Qirg‘izistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishidan so‘ng Qozog‘iston chegarasidagi 8ta nazorat o‘tkazish punktida nazorat ishlari to‘xtatiladi. Bu haqda davlat bojxona xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Azamat Sulaymonov bayonot berdi.
Qirg‘izistonning tashkilotga a'zoligi haqidagi shartnoma o‘tgan yilning dekabrida imzolangan edi. U depozitariy tomonidan tegishli protokollarni ratifikatsiya qilgan oxirgi davlatdan nota olingan kuni kuchga kiradi. 5 avgust kuni Qozog‘iston shartnomani ratifikatsiya qilishi bilan u amalga kiritildi.
Endilikda tashkilot qo‘mitasi ratifikatsiya haqidagi oxirgi notani ro‘yxatga olib, nashr qilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng chegaralar amalda ochilib, Qirg‘iziston yagona iqtisodiy muhitga kiradi. Shundan so‘ng chegara punktlaridagi nazorat funksiyasi bekor qilinadi.
Qozog‘iston notasining originali keyingi hafta boshida Qirg‘iziston TIVga yetib kelishi kutilmoqda.

Top