19:22 / 07.08.2015
6709

Gollivud aktrisasi Sharliz Teron 40 yoshga to‘ldi

2015 yilning 7 avgustida AQShlik aktrisa va prodyuser Sharliz Teron 40 yoshlik tavallud ayyomini nishonlaydi.

Sharliz Teron 1975 yil 7 avgustda Janubiy Afrika Respublikasining Transvaal viloyati Benoni shahrida tavallud topgan. Uning otasi qurilish kompaniyasi va kichik fermaning egasi bo‘lgan. Sharliz 15 yosh bo‘lganda oilaviy janjalda uning onasi mast holatdagi otasini otib qo‘ygan. Sud qotillikni o‘zini himoyalash deb topib, Sharlizning onasini javobgarlikdan ozod qilgan. Bu fakt aktrisa tomonidan ancha vaqt sir saqlangan – aktrisa intervyularda otasi yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganini aytib yurgan.

Sharliz 6 yoshdan raqs bilan shug‘ullangan. U 13 yoshida Yoxannesburgdagi balet maktabida tahsil ola boshlagan.

16 yoshida modellar tanlovida g‘olib bo‘lgan. 17 yoshida Nyu-Yorkdagi nufuzli raqs maktabiga o‘qishga kirgan, biroq tizzasidan olgan jarohati tufayli balet bilan shug‘ullanishni davom ettira olmagan.

Shundan so‘ng aktrisa Los-Anjyelesga aktrisalik faoliyatini boshlash uchun kelgan. U o‘zining Janubiy Afrika aksentini to‘g‘rilay olgach, 1995 yilda chiqarilgan “Makkajo‘xori bolalari-3: shahar hosili” filmida epizodik rol o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan.

Shundan keyin u bir nechta filmlarda suratga tushgan. “Iblis advokati” filmi unga mashhurlik keltirgan. U bu filmda mashhur aktyorlar Al Pachino va Kianu Rivz bilan birga suratga tushgan.

Sharliz Teron “Qudratli Jo Yang”, “Fazogir rafiqasi”, “Qizg‘in o‘yinlar”, “Farahli noyabr”, “24 soat” kabi bir qator filmlarda suratga tushgan.

Teron “Mahluq” filmidagi qotil roli uchun “Oskar”, “Oltin globus” va “Kumush ayiq” kabi nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan.

Teron oxirgi yillarda “Oppog‘oy va ovchi” (2012), “Prometey” (2012), “Telba Maks: g‘azab yo‘li” (2015) kabi filmlarda suratga tushdi.

Aktrisa 2008 yilda BMTning tinchlik elchisi etib tayinlandi.

Teron Janubiy Afrikada OITSga qarshi kurashuvchi xayriya jamg‘armasiga asos solgan.

2005 yilda Yulduzlar xiyobonida o‘zining “yulduzi” bilan taqdirlangan.

Teron 2012 yilda JARlik bolani boqib olib, unga Jyekson ismini bergan. 2015 yilda esa yana bir JARlik qizni o‘z otalig‘iga olib, unga Avgust ismini bergan.

Top