19:09 / 09.08.2015
3314

Pakyao: Meyuezer bilan revanshga yaxshilab tayyorlanaman

Filippinlik mashhur bokschi Menni Pakyao amerikalik raqibi Floyd Meyuezer bilan revansh uchrashuvi o‘tkazilgan taqdirda bunga ham jismoniy, ham ruhiy tayyorgarlik ko‘rishini ma'lum qildi. Bu haqda AQShning Fightnews sayti xabar bermoqda.
Oxirgi uchrashuvda Meyuezer 66.68 kg gacha bo‘lgan vazndagi uchta kamarni birlashtirdi, bular Xalqaro boks tashkiloti, Xalqaro boks uyushmasi va Xalqaro boks kengashi kamarlaridir. Buning uchun u 3 may kuni Pakyao bilan Las-Vegasda uchrashuv o‘tkazdi. Ko‘pgina ekspertlar tomonidan “asr jangi” deb atalgan uchrashuv amerikalik bokschi foydasiga hal bo‘ldi. Ammo 7 iyull kuni Meyuezer Xalqaro boks tashkiloti kamaridan mahrum qilindi.
“Men keyingi yil Meyuezer bilan ringga chiqishni istayman. Men bunga ruhan va jismonan tayyor bo‘laman. Men birinchi jangdagiga nisbatan yaxshiroq jang qilaman”, – dedi Pakyao.
Meyuezer, o‘z navbatida, 2015 yili professional karerasini yakunlashi mumkinligini aytgan edi. 12 sentabr kuni u Las-Vegasda vatandoshi Andre Barto bilan jang o‘tkazadi.
“Bu jang juda qiziq kechishidan aminman. Barto juda kuchli va tezkor bokschidir”, – dedi Pakyao, bu uchrashuvga munosabat bildirarkan.

Top