01:44 / 09.08.2015
2757

Tayvanga yopirilgan to‘fon 3 mln dan ko‘proq oilani elektrsiz qoldirdi

Tayvanga yopirilgan kuchli “Soudelor” to‘foni qurbonlari soni 6 kishiga yetdi. Yana 4 kishi bedarak yo‘qolgan, yuzdan ko‘proq odam jarohat olgan, deb xabar bermoqda mahalliy hukumat.  

To‘fon yuzlab daraxtlarni qulatgan, reklama shitlarini qo‘porib tashlagan va hattoki yuk poyezdining bir necha vagonini izdan chiqarib tashlagan. Ushbu mavsumdagi eng kuchli to‘fon katta miqyosda elektr ta'minotining uzilishiga ham sabab bo‘ldi. Taipower energetik kompaniyasining ma'lum qilishicha, 3,2 mln oilaning uyi va kvartiralari elektr quvvatisiz qolib ketgan. Eng jiddiy avariyalar va elektr ta'minoti simlari uzilishlari Chjanxua uyezdi, Taoyuan, Sinbey va Taychjun shaharlarida qayd etildi.

Ob-havo mutaxassislarining ma'lumotlariga ko‘ra, to‘fon orolning sharqdan g‘arbga tomon butun hududidan o‘tgan. Hozirda to‘fonning aylanish markazi Tayvan bo‘g‘ozida joylashgan bo‘lib, Xitoyning sohillariga qarab yo‘nalmoqda. Bu yerda 150 mingdan ziyodroq odam evakuatsiya qilindi. Tayfunning markaziy qismidagi uyurtmali oqimlar tezligi soniyasiga 58 metrdan 48 metrgacha pasaygan.    

Top