11:22 / 10.08.2015
5886

Toshkent shahrida 2015-2016 yillarda rekonstruksiya va ta'mir qilinishi belgilangan magistral ko‘chalar ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 5 avgustidagi qaror asosida Toshkent shahrida 2015-2016 yillarda rekonstruksiya va ta'mir qilinishi belgilangan magistral ko‘chalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Gazeta.uz saytining xabar berishicha, mazkur ro‘yxatga 12ta ko‘cha kiritilgan bo‘lib, ularning ayrimlarida ta'mirlash ishlari joriy yil iyul oyi oxiridayoq boshlangan.

Umumiy uzunligi 45,6 kilometrni tashkil etuvchi mazkur ko‘chalar rekonstruksiya va ta'mir qilinishidan tashqari, hujjatda ular atrofidagi binolarning arxitekturaviy qiyofasi yangilanib (jumladan, turar joy va noturar bino hamda inshootlarning tom va old qismlari kapital ta'mirlanib, zarurat tug‘ilgan taqdirda, obektlar buzib tashlanishi), tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilishi ham ko‘zda tutilgan.

Qarorga binoan, rejalashtirilgan ishlar “kelgusida yo‘l transport infratuzilmalarining takomillashuvi” hamda “poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qulay sharoitlarni yaratish”ga xizmat qiladi.

Mazkur ro‘yxatga Mirzo Ulug‘bek prospekti ham kirgan bo‘lib, 31 iyuldan buyon Taraqqiyot ko‘chasidan “TTZ” bekat kompleksiga qadar tramvay liniyasi va aloqa tarmog‘i, o‘tish qismida rekonstruksiya va ta'mir ishlari olib borilmoqda, ajratuvchi chiziqlar, yo‘l o‘rtasida yorituvchi chiroqlar va yo‘laklar bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatilmoqda.

Bu kabi ishlar (tramvay yo‘lining olib tashlanishi istisno qilinsa) Mustaqillik shohko‘chasida – Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidan Amir Temur hiyoboniga qadar – olib borilmoqda.

Arxitekturaviy qiyofani yangilash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, yoritish tizimlari, yo‘laklar va favvoralarni ta'mirlash ishlari Bobur, Nukus, Afrosiyob, Do‘rmon yo‘li, Toshkent halqa yo‘lining Qorasuv 4 va Do‘stlik mavzelari bo‘ylab o‘tgan qismlarida ham olib boriladi.

Shu bilan bir qatorda, Amir Temur ko‘chasida ham o‘tish qismlarini ta'mirlash hamda yo‘l o‘rtasiga yoritish chiroqlarini o‘rnatish ishlari olib borilishi belgilangan.

Ko‘rsatib o‘tilgan ko‘chalardagi rekonstruksiya va ta'mirlar ishlari Moliya vazirligi qoshidagi Respublika yo‘l jamg‘armasi, mahalliy byudjyetlar, shuningdek, foydalanuvchi va o‘z hisobida saqlayotgan tashkilotlarning shaxsiy mablag‘lari evaziga olib borilishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimiyati, Yo‘l jamg‘armasi va “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi rahbariyatiga ko‘chalarning sifatli hamda o‘z vaqtida rekonstruksiya qilinishi va ta'mirlanishi, shuningdek, hududlarning arxitekturaviy qiyofasi hamda obodonlashtirish ishlarida shaxsiy javobgarlik belgilangan.

Ichki ishlar vazirligiga esa “magistral ko‘chalarda rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari olib borilayotgan hududlarda transport vositalari hamda piyodalarning muntazam va xavfsiz harakatlanishini ta'minlashni samarali tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha chora tadbirlarni amalga oshirish” vazifasi yuklatilgan.

Top