12:54 / 11.08.2015
2834

Braziliyalik harbiylar xitoylik hamkasblarini changalzorlardagi janglarga tayyorlaydi

Defense Newsning xabar berishicha, Xitoy harbiy amaldorlari Braziliyaga changalzorlarda harbiy amaliyotlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘mak so‘rab murojaat qilishdi.

CIGS changalzorlarda harbiy amaliyotlar bo‘yicha o‘quv markazi rahbari Martinsning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bir guruh ofitserlarni markazda malaka oshirish uchun yuborishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi, biroq vaqt o‘tib shartlar o‘zgargan.

“Ayni paytda ular bizdan Xitoyda o‘zlarining shaxsiy dasturini rivojlantirishda ko‘maklashish uchun murabbiylar hamda changalzorlarda jang olib borish tajribamizni taqdim etishni so‘rashdi”, deya qayd etib o‘tdi polkovnik.

50 yillik tarixi mobaynida Braziliyaning CIGS o‘quv markazi 6 ming nafardan ziyod mutaxassis, jumladan, 500 nafar chet ellik bilan mashg‘ulotlar olib borgan.

Ta'kidlanishicha, tahsil oluvchi xorijliklarning aksariyat qismi Lotin Amerikasi mamlakatlaridan jo‘natilgan bo‘lib, 27 kishi AQSh va 100 nafari yevropalik hisoblanadi. Osiyodan esa shu vaqtga qadar faqatgina bir mutaxassis malaka oshirib qaytgan.

Ofitserlar uchun tashkil etiluvchi 10 haftalik kurslarda changalzorlarda yashab qolish va harbiy harakatlarni olib borish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. O‘z harbiy qismlariga qaytganidan so‘ng esa o‘z askarlariga egallagan bilimlarini o‘rgatish imkoniga ega bo‘ladi.

Qayd etilishicha, xitoylik harbiylarning maqsadi hozircha noma'lum. Mamlakat esa bir necha davlatlar bilan qalin o‘rmonli chegaralarga ega.

Top