08:29 / 11.08.2015
6565

Chikago o‘zbeklari yetakchisi AQShda o‘zbek urf-odatlarini asrashda jonbozlik ko‘rsatmoqda

Kun.uz tahririyatiga chikagolik o‘zbeklar jamoasi vakillaridan maktub kelib tushdi. Unda Chikagoda o‘zbeklar uyushmasiga asos solgan jamoat arbobi, 73 yoshli Sirojiddin Nasafiy haqida batafsil ma'lumot keltirilgan.

Chikagodagi o‘zbek jamoatiga yetakchilik qilib, urf-odatlarga rioya qilinishini nazorat qilib kelayotgan, o‘nlab yoshlarning boshini qovushtirib qo‘ygan bu shaxs haqida o‘quvchilarga hikoya qilib berishga qaror qildik.

Sirojiddin Nasafiyning otasi G‘iyosiddin Nasafiy 1931 yili O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidan Sovet davlati zulmidan qochib, tog‘alari bilan birga Afg‘onistonga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Kelib chiqish joyini unutmaslik uchun Qashqadaryoning Nasaf (Qarshi) shaxrini o‘ziga nisba qilib olganlar.

Afg‘onistonda ulg‘aygan Sirojiddin Nasafiy yoshligida talaba bo‘lib AQShga keladi va u yerda ishga joylashib, doimiy yashash xuquqini qo‘lga kiritadi. Keyinchalik ota-onalarini xam o‘zi bilan birga shu davlatga ko‘chirib olib keladi. Uch farzandning otasi hamda to‘rt nabiraning bobosi bo‘lmish Sirojiddin Nasafiy xozirda 73 yoshda. Nafaqaga chiqishidan oldin muxandis bo‘lib ishlagan.

Maktubda aytilishicha, u kishi o‘zbek urf-odatlarini asrab-avaylashga intiladi, doimo boshida do‘ppi bilan yuradi. Tug‘ilib o‘sgan joyi Afg‘oniston bo‘lsada, ta'kidlanishicha, “O‘zbekiston degan o‘lka borligidan xamda bu yurtda 30 mln dan oshiq o‘zbek millatdoshlari borligidan” mag‘rurlanadi.

“Sirojiddin Nasafiyning millatiga bo‘lgan fidoyiligi qilayotgan amallaridan ham yaqqol ko‘rinib turadi. Misol uchun, janob Nasafiy o‘z hovlilarida bir necha bor o‘zbekistonlik yoshlarning boshlarini birlashtirib qo‘yganlar. Yana bir misol, juda ko‘p o‘zbeklarga quda-anda bo‘lishda o‘rtaga tushib yordam berganlar. Ayniqsa, Amerikaga oilasiz kelgan o‘zbekistonlik student yigit va qizlar bundan qanchalik xursand bo‘lishlarini bilsangiz edi. Qayerda o‘zbeklar biror tadbir bilan yig‘ilgan bo‘lsa, yo bu tadbirni Sirojiddin Nasafiy o‘zlari uyushtirgan bo‘lib chiqadilar, yoki unda faol qatnashadilar. Dala sayli deysizmi, iftorlik deysizmi, to‘ymi yo sumalakmi, do‘ppi kiygan Sirojiddin Nasafiy xizmatdalar. Amerikada uzoq yillar davomida yashaganlaridan olgan tajribalaridan kelib chiqib, o‘zbeklarga bergan maslahatlariniku sanab sanog‘iga yetolmaysiz”, – deb yozadi maktub mualliflari.

Top