19:26 / 12.08.2015
19986

Saudiya Arabistoni neft tugashi ehtimoliga reja tuzib qo‘ydi

Saudiya Arabistoni qirolligi mamlakatda neft tugashi ehtimoliga reja tuzib qo‘ydi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Qozog‘istondagi elchisi Gorm Said Malxon ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz muxbiri.

“Istalgan davlat kelajakka rejalar tuzadi. Umid qilamizki, neft yana ancha vaqtgacha yetadi, biroq kelajakka ba'zi rejalarimiz bor. Neft ishlab chiqarilishi eng arzon bo‘lgan energiya manbalaridan biri hisoblanadi. Dunyoda avtomobillar va boshqa transport bor ekan, ular energiyaga muhtoj. Biroq energiyaning boshqa manbalari ham bor, misol uchun, quyosh energiyasi. Neftsiz ham o‘z iqtisodiyotini ko‘tarayotgan davlatlar bor. Bizning kelajakka rejalarimiz – informatsion texnologiyalar. Ya'ni biz kelajakda informatsion texnologiyalarga tayanamiz”, deb aytdi Malxon qozog‘istonlik jurnalistlar bilan suhbati chog‘ida.

Malxonning aytishicha, uning davlatida ayni paytda tugallangan yoki tugallanish arafasida bo‘lgan bir nechta strategik loyihalar bor. Ularning orasida Makka va Madina shaharlari o‘rtasida temir yo‘l qurilishi kabi yirik loyiha ham bor. Malxonning ta'kidlashicha, bu temir yo‘l foydalanishga topshirilgandan keyin mamlakat byudjyetiga foyda olib kelishni boshlaydi.

Top