10:05 / 12.08.2015
3981

Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanadi

2015 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekkanligi haqida xabar berilgan edi.

Ushbu Qonun asosida 5ta Kodeks, 6ta Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirish kiritilib, terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibi aniqlashtirildi. Bu haqda xushnudbek.uz sayti xabar yozgan.

Ya'ni bunday operatsiyalar o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat tomonidan qoplanishi belgilandi.

Mazkur moddaning avvalgi tahririda “davlat tomonidan” degan mavjud emas edi.
Shuningdek, qonunga mazkur o‘zgartirish kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik kodeksining 1001-moddasi ham tegishli qo‘shimcha bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplagan davlat sodir etilgan aybli harakatlari terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan shaxsga nisbatan to‘langan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga egaligi belgilandi.

Top