14:53 / 13.08.2015
12965

Qariyalar uyiga joylashtirilgan otaxon hayotiga oid ayrim tafsilotlar ma'lum qilindi

Kuni kecha Facebookdagi «Potrebitel.uz» guruhi a'zolarining tashabbusi bilan qariyalar uyiga joylashtirilgan otaxon hayotiga oid ma'lumotlar oshkor bo‘ldi.

12 avgust kuni 18:00 atrofida Toshkent shahridagi Oloy bozorida joylashgan «Ipoteka bank» filiallaridan birida o‘tirgan otaxon haqida ilk xabar va uning surati joylashtirilgan edi. Shundan so‘ng guruh a'zolarining sa'y-harakati bilan ism-sharifi, avval yashagan manzili aniqlanib, qariyalar uyiga joylashtirilgan 86 yoshli otaxon bunga qadar to‘rt oy davomida har kuni ertalab ushbu bank filialiga kelgan.

Bank kassirlari va qo‘riqchilari uni parvarishlab, yangi kiyim-bosh sotib olib berishgan. Shuningdek, kunlik ijara haqi 5000 so‘m bo‘lgan xonadon topib, navbati bilan pulini to‘lab borishgan.

Bank kassirlarning ma'lum qilishicha, ular otaxonni qariyalar uyiga joylashtirish uchun ko‘p bor urinib ko‘rishgan: qon tahlili topshirgan, turli ma'lumotnomalar to‘plashgan. Biroq urinishlari shu vaqtga qadar samara bermagan.

Feysbukdagi uni shaxsan tanuvchilar izohiga ko‘ra, otaxon muqaddam Toshkent shahri markazida shaxsiy uyida yashagan. Qizi allaqachondan beri AQShda yashaydi, o‘g‘li esa 5 yil avval uyni sotib, otasini o‘z holiga tashlagancha Rossiyaga ketib qolgan.

Bugun ertalab (13 avgust) Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olganini ma'lum qildi. Ayni paytda esa otaxon qariyalar uyida, uning hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.

 

Top