00:13 / 13.08.2015
4322

Xitoylik mansabdor shaxslar o‘rtasida yuan borasida ixtilof yuzaga keldi

Xitoy rahbariyatida yuan borasida ixtilof yuzaga keldi. Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, hukumatning ba'zi a'zolari milliy valyutani ko‘proq miqdorda – sodir bo‘lgan devalvatsiyani hisobga olib 10 foizga qadrsizlantirish kerak degan fikrni bildirmoqdalar.

Agentlikning ma'lumotlariga ko‘ra, bu nuqtai nazar tarafdorlari “yuan yetarlicha qadrsizlantirilishi kerakligini, yo‘qsa eksportni rag‘batlantirib bo‘lmasligini” aytishmoqda. Oxford Economics mutaxassislarining fikricha, Xitoy pul tizimi yarim-bir yil avval  kuzatilgan darajagacha yaxshilanishi uchun yuan 10-15 foizga devalvatsiya qilinishi kerak.

11 avgust kuni Xitoy Xalq banki xar kuni o‘rnatiladigan yuan kursini rekord darajadagi 1,9 foizga tushirdi. 12 avgust kuni kurs yana 1,6 foizga tushdi. Biroq bank “yuan qadrsizlanishining davom etishiga” asos ko‘rmayapti.

O‘z navbatida Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi Xitoy Xalq banki tomonidan ko‘rilayotgan choralar eksportni rag‘batlantirish uchun qilinayotganiga shubha bildirmoqda. “Eksport ko‘proq tashqi talab funksiyasi hisoblanadi, ayirboshlash kursi esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi”, deb aytdi S&P’ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha katta iqtisodchisi Paul Gryunvald.  

Top