12:02 / 14.08.2015
3429

FYF paypog‘i sport poyafzalining o‘rnini bosishi mumkin

Shveytsariyaning Swiss Barefoot Company kompaniyasi yuqori pishiqlikka ega paypoq yaratdi. Ta'kidlanishicha, u sport poyafzalining o‘rnini egallashi mumkin.
Free Your Feet nomli mahsulot tashqi ko‘rinishdan barmoqlar ajratilgan yungli paypoqqa o‘xshaydi, ammo pishiqligi jihatdan odatiy xom ashyodan tayyorlangan ko‘plab poyafzallardan ustun turadi.
Loyiha mualliflari FYF’ni universal sport poyafzali sifatida ko‘rmoqda, chunki u yugurishga ham, vindsyorfingga ham, tog‘larga chiqishga ham to‘g‘ri keladi.
FYF 46.5 foizga Dyneema materialidan iboratdir. Tadqiqotchilar uni dunyodagi eng mustahkam material deb hisoblamoqda.
Dyneema UHMWPE tolasining savdo belgisi bo‘lib, bronejilet va transport zirhi uchun qo‘llanadigan yuqori zichlikdagi polietilendan tayyorlanadi. Hisob-kitoblarga qaraganda, xom ashyo po‘latdan 15 barobar mustahkamroqdir.
Ammo bu yangi mahsulotning yagona yutug‘i emas. Uning yengilligi tufayli odam o‘zini oyoqyalang yurganday his qiladi, bundan tashqari, paypoq mutlaqo suv o‘tkazmaydi. Kickstarter saytidagi aksiyaning yakunlanishiga 3 hafta qolganida loyiha kutilganidan 9 barobar ko‘proq pul to‘pladi. Ayni paytda FYF hisobida 100 ming dollar bor. Bir juft paypoqning narxi 80 dollarni tashkil qiladi. Mahsulot yil oxiridan yetkazila boshlanadi.

Top