11:05 / 14.08.2015
5630

Tyantszin xavfli moddalar omboridagi portlashdan keyingi zararni hisob-kitob qilmoqda

Xitoyning Tyantszin portidagi xavfli moddalar omborida ro‘y bergan portlash natijasida qurbon bo‘lganlar soni 44 nafarga yetdi. Bu haqda "Sinxua" agentligi qutqaruv shtabi ma'lumotlariga asoslangan holda xabar berdi.

Halok bo‘lganlarning 12 nafari o‘t o‘chiruvchilardir. Shahar shifoxonalariga esa 520 bemor joylashtirilgan bo‘lib, shifokorlar 66 nafarining ahvoli og‘ir ekanini aytishmoqda.

Reuters agentligi Beijing News nashri xabaridan iqtibos keltirishicha, shahar yong‘in xavfsizligi departamenti 36 nafar o‘t o‘chiruvchi bilan aloqani yo‘qotgan.

Xabaringiz bor, Xitoyning Tianjin Dongjiang Port Rui Hai International Logistics Co. Ltd. logistika kompaniyasiga tegishli xavfli kimyoviy moddalar saqlanuvchi omborda chorshanba kuni kechqurun kuchli portlash kelib chiqqan edi.

Mazkur kompaniyaning yillik yuk ayirboshlash ko‘rsatkichi 1 mln tonnani tashkil etadi.

“Sinxua” agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, portda ikki marta portlash sodir bo‘lgan. Birining quvvati 3 tonna trotil ekvivalentiga, ikkinchisi esa 21 tonnaga teng bo‘lgan.

China Central Television (CCTV) telekanali birinchi portlash mahalliy vaqt bilan 23:30da, ikkinchisi esa 30 soniyadan so‘ng sodir bo‘lganini xabar qildi. Bloomberg xabarida esa portlashdan 40 daqiqa avval omborxonada kelib chiqqan yong‘in to‘g‘risidagi dastlabki xabar kelib tushganini aytib o‘tilgan.

Mahalliy vaqt bilan 14:30 kelib Tyantszin ma'muriyati yong‘in bartaraf etilgani haqida ma'lum qilgan. Biroq kimyogar-mutaxassislar atrof-muhitga portlash qoldirgan xavf darajasi bo‘yicha xulosani kechroq e'lon qilishdi.

Portlash to‘lqini 15 million aholi istiqomat qilayotgan shaharda bir necha kilometr radiusgacha o‘z ta'sirini ko‘rsatgan. "Sinxua" xabariga ko‘ra, ko‘plab aholi vakillari o‘z uylaridagi deraza va akvariumlar sinib ketganidan shikoyat qilishgan. Portlashdan keyin yuzaga kelgan yong‘in bir necha soat davom etdi. Logistika markazi hududidagi bir necha bino va inshootlar, ko‘p darajali avtoturargohda saqlanayotgan minglab avtomobillar ham butunlay yonib ketgan.

Tianjin Port Co. kompaniyasining ma'lum qilishicha, portlash port ishiga ta'sir ko‘rsatmagan. Shanxay birjasida Tianjin Port aksiyalari payshanba kuni 4 foizga arzonlagan, deya xabar qildi Bloomberg.

Portlash keltirib chiqargan zarar miqdorini aniqlash ishlari nihoyasiga yetgani yo‘q. Biroq portlash natijasida Xitoydagi avtomobil importi bo‘yicha yirik portlardan biri bo‘lgan Tyantszinda saqlanayotgan 1500ta Renault rusumli avtomobil yonib ketgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, mazkur avtomobillarning bozor narxi 210 mln yuan (33 mln dollar) atrofida. Shuningdek, portdagi Volkswagen kompaniyasi omborxonasiga ham shikast yetgan.

XXR raisi Si Tszinpin va bosh vazir Li Ketsyan jabrlanganlar sonini kamaytirish uchun barcha choralarni ko‘rishni talab qildi. Ular qutqaruv operatsiyasi va portlash asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv shtabi ishi ustidan nazoratni o‘z zimmasiga olishdi. Mazkur shtabni Davlat xavfsizligi vaziri Guo Shenkun boshqarmoqda.

Si Tszinpin, shuningdek, shahar hokimiyatidan jabrlanganlarga barcha zarur yordamlarni ko‘rsatish, bedarak yo‘qolganlarni qidirib topish va yong‘in asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasini topshirib, yong‘in sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun kerakli saboqni olishni ham qat'iy talab qildi.

Top