18:44 / 17.08.2015
3765

16 avgust kuni ilk smartfon sotuvga chiqarilganiga 21 yil to‘ldi

1994 yilning 16 avgust kuni IBM Simon kompaniyasi dunyo mobil bozorida ilk aqlli telefon – smartfonni sotuvga chiqargandi. Bu haqda PhoneArena internet nashri xabar tarqatdi.

Manbada yozilishicha, ushbu tayyor mahsulot aslida 1993 yilda yaratilgan. Bir yil o‘tibgina u foydalanishga yaroqli deb topilib, sotuvga qo‘yilgan. Mazkur vaqtda «smartfon» atamasi hali keng omma tilida ishlatilmagandi.

Avvaliga IBM Simon uni shaxsiy kommunikator sifatida ta'riflab keldi. Ammo bir yil ichida ushbu atama to‘liq mazkur qurilmaga nisbatan ishlatiladigan bo‘ldi.

Mazkur smartfonning og‘irligi yarim kg.dan og‘irroq bo‘lib (510 gr) o‘lchami 64 x 38 millimetrni tashkil qilgan. Shuningdek, unda 4,7-dyuymli monoxromik displey o‘rnatilgan. Bir yadroli 16-bitli Vadem Protsessori 16 MGts taktik chastotali bo‘lgan. Ma'lumotlar uzatishning maksimal tezligi 0,002 Mbit/s (2400 bit/c)ni tashkil qilgan. Mobil aloqadan farqli tomoni ushbu smartfon ichki ilovalar, taqvim, organayzer, elektron pochta va o‘yinlar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan.

IBM Simon boshida ushbu smartfonlar narxini 899 dollarga baholagan. Uning kam sotilishiga aynan mana shunday qimmat narxda bo‘lgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Ma'lumotlarga ko‘ra smartfonning taxminan 50 ming donasi sotilgan.

Top