21:20 / 18.08.2015
17022

O‘rtoq O‘zbekfilm!

Hozirgi yengil-yelpi kinofilmlar tanqid ostiga olinib, "O‘zbekfilm" tomonidan avvallari ishlangan filmlarga o‘xshash filmlar ishlanishi qo‘msalgan "O‘rtoq O‘zbekfilm" nomli she'ri bitildi.

O‘RTOQ O‘ZBeKFILM!
(M.Yusufga o‘xshatma)

O‘rtoq “O‘zbekfilm”, qumsaydi ko‘ngil,
Shuncha yil mizg‘iding, uyg‘ongil endi.
Hozirgi filmlar judayam yengil,
Boshingni ko‘tar-yey, to‘lg‘ongil endi.

Hozirgi filmlar vazni par, yengil,
Tug‘ilib, uch kunda o‘laveradi.
Yana “Yor-yorlar”ga tortadi ko‘ngil,
“Suyunchi”ni ko‘rgim kelaveradi.

“Sevginatorlar”mu ishq tarbiyasi,
Chorlar nursizlikning dasturxoniga.
“Superkelinchak”ning bo‘sh saviyasi
Tortmaydi “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ga.

Nogoh "Ulfat"larga tushadi ko‘zim,
Ozgina hazildan so‘ylar lofchilar.
Eshik taqqilasa, qaraysiz, u kim?
Bari “Zamonaviy yangi sovchilar”...

Bu bir parcha sahna, filmlar emas,
Boshlansa, o‘rnimdan turgim keladi.
To‘g‘risi, qandaydir “Bo‘rilar”nimas,
“To‘ylar muborak”ni ko‘rgim keladi.

Razzoq Hamrolarni qumsaydi ko‘ngil,
Nabi Rahimlarga tortar humorlar.
Ergash Karimlardan bir qatra shingil,
Nahot qaytmas endi Hamza Umarlar?!

O‘rtoq “O‘zbekfilm”, bermaysan javob,
O‘zingga topdingmu har xil “panohlar”,
Oinai jahonga termulish azob,
Charchatib qo‘ymoqda bir xil nigohlar!

Ma'nisiz olamda ko‘zlarim toldi,
Oqmay qo‘ydilar-yey dil jolalar ham.
"Tangalik bolalar" o‘tmishda qoldi,
Qayta tug‘ilmaydi “shum bolalar” ham.

Aytaqol, qaylardan bu qadar zulming,
Borib-borib sandan oxir kechgumdir.
Bugun ishlayotgan juda ko‘p filming
Nomiga yarasha “janob hech kimdir”.

Gohida chinqirsam achchiq alamdan,
Goh kulgim qistaydi ginalaringga.
Qochgim kelmoqdadir rangli olamdan
Oq-qora tasvirli kinolaringga!

Muallif: X. Hamidov

Top