19:46 / 18.08.2015
3437

Samsung 16 Tbayt li SSD-jamlagichni yaratdi

AQShning Kaliforniya shtatida Flash Memory Summit anjumanida Samsung kompaniyasi dunyodagi eng katta hajmli ma'lumotlar to‘plagichini namoyish qildi. U 2,5″ o‘lchamga ega qurilmalar orasida o‘zida saqlaydigan aborot hajmi bo‘yicha eng kattasi bo‘ldi. U 16 terabaytga (1 terabayt = 1000 Gbayt), yanada aniqroq aytadigan bo‘linsa, 15,36 Tbayt xotiraga ega. Jamlagich flesh-xotiralar asosida yaratilgan.

Taqqoslash uchun, hozirda eng katta hajmli HDD to‘plagichlarni Seagate va Western kompaniyalari yaratadi, ularning eng kattasining hajmi 10 Tbaytni tashkil qiladi.

Samsung SSD-to‘plagichning xotirasini bunday sezilarli oshirishga dunyodagi birinchi yangi avloddagi, 48 ta uch bitli TLC qatlamlariga ega, 256 Gb li 3D V-NAND flesh-xotirasi evaziga muvaffaq bo‘ldi.

Uch fazoli ko‘p qatlamli flesh-xotirani yaratish borgan sari murakkablashib bormoqda. O‘tgan yili muhandislar 36 ta qatlam, 2013 yilda esa 24 ta qatlam olishga erishgan edilar. Hozirda esa 48 qatlamli uchinchi avlod texnologiyasi yaratildi.

3D NAND texnologiyalari ustida nafaqat Samsung, balki Toshiba va Intel ham ish olib bormoqda, biroq ular ko‘rinishicha koreyslardan tadqiqotlar borasida biroz ortda qolishmoqda.

Flash Memory Summit anjumanida kompaniya 48 ta shunday to‘plagichga ega serverni namoyish qildi, bu serverning umumiy hajmi 768 Tbaytni tashkil kildi.

Ma'lumotlarni saqlashning serverli tizimi unumdorligi 2 000 000 IOPS (bir soniyada kiritish-chiqarish operatsiyalari). Taqqoslash uchun, oddiy SSD-to‘plagichlarda bu ko‘rsatkich 10 mingdan 90 ming IOPS gacha oraliqda joylashgan.

Agar SSD-to‘plagichlarni yaratish jarayoni shunday yuqori sur'atlar bilan boradigan bo‘lsa, unda bir necha yildan keyin HDD-disklar bunday to‘plagichlarga raqobat qilishi dargumon bo‘lib qoladi. Biroq buning uchun avval bunday to‘plagichlarning narxini anchagina tushirish lozim bo‘ladi.

Top