11:06 / 22.08.2015
5025

Mirobodda kollej o‘qituvchisi o‘quvchilardan pora olganlikda ayblandi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan kollejlardan birida dars beruvchi informatika o‘qituvchisi o‘quvchilardan pora olganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Ogoh” gazetasi yozmoqda.

1985 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan Mardon Mahamatqulov 2013 yil sentabridan ishga qabul qilinib, informatika fanidan dars o‘tib kelgan. Birinchi yil hech kim uning ustidan arz qilmagan, keyingi o‘quv yilidan esa u o‘quvchilardan pul tama qila boshlagan.

Jumladan, u shu yerda tahsil olayotgan o‘quvchilar D. Pavlov, V. Tim, A. Erjigitov, T. Qulmatov va D. Xalmatovlarning joriy baholari qoniqarsiz ekanligini aytib, ularga moddiy haq evaziga qoniqarsiz baholarni qoniqarli va yaxshi baholarga o‘zgartirib, yakuniy bahosini qo‘yib berishini aytgan. Bir necha kundan so‘ng u kollej tashqarisida D. Pavlovdan 50 ming, V. Timdan 30 ming, A. Erjigitov va T. Qulmatovdan 40 mingdan, D. Xalmatovdan 60 ming so‘m pora olgan. So‘ng o‘quv mashg‘ulotlari jurnalida ularning baholarini o‘zgartirib qo‘ygan.

Pora bergan o‘quvchilar o‘zaro kelishib, bu haqda guruh rahbari Anvar Bahromovga xabar berishdi. Natijada Mahamatqulovning ishlari oshkor bo‘lib, u kollejdan haydalibgina qolmay, balki jinoiy javobgarlikka ham tortildi.

Top