20:18 / 22.08.2015
3076

Mourino "Chelsi"ning natijalaridan noroziligini bayon etdi

Londonning "Chelsi" jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino o‘z shogirdlari ko‘rsatayotgan o‘yindan noroziligini, jamoa o‘ta qoniqarsiz natijalar ko‘rsatayotganini bildirib o‘tdi.

Jamoa oxirgi 17 mavsum davomidagi eng yomon startni amalga oshirgach, murabbiy o‘zining jamoadagi ishidan qoniqmayotgani haqida gapirgan.

"Men jamoadagi barcha futbolchilarning jismoniy holatidan noroziman: Ivanovich ham, Gari Kexill ham, Jon Terri, Sesar Aspilikueta, Eden Azar, Fabregas, Matich. O‘zimning holatimdan ham qoniqish hosil qilmayapman. Men har kuni sport zaliga boraman, lekin bu foyda bermayapti", deydi u Mirror nashriga bergan intervyusida.

Murabbiy jamoaning texnik va jismoniy tayyorgarligini oshirib, o‘yin uslubini o‘zgartirish zarurati paydo bo‘lgani haqida gapirgan. U hali barchasini to‘g‘rilashga vaqt borligini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish kerakki, "Chelsi" 20 avgust kuni "Barselona"dan Pedro Rodrigesni 30 mln yevro evaziga transfer qildi. Jamoaning yangi a'zosi ayni vaqtda mashg‘ulotlarga qo‘shilgan.

Ma'lumot uchun, APLning o‘tgan ikki turi natijalariga ko‘ra, "Chelsi" 1 ochko to‘plagan holda 16 pog‘onada joylashgan. Londonliklar 1 turda "Suonsi" bilan 2:2 hisobida durang o‘ynashdi, ikkinchi turda esa "Manchester Siti"dan 0:3 hisobida mag‘lubiyat qabul qilib olindi. Jamoa 3 turni 23 avgustda "Vest Bromvich"ga qarshi o‘tkazadi.

Top