12:04 / 22.08.2015
3219

Yaman prezidenti BMT maxsus elchisiga isyonchilar uchun talablar ro‘yxatini taqdim etdi

Yaman prezidenti Abd Rabbo Mansur Xadi BMTning maxsus elchisi Ismoil uld Shayx Ahmedga husiychi shia isyonchilari uchun mamlakatdagi inqirozni siyosiy jihatdan bartaraf etishga xizmat qiluvchi talablar ro‘yxatini taqdim etdi, deya xabar berdi Al Arabia sun'iy yo‘ldosh telekanali.

Telekanal xabariga ko‘ra, gap birinchi navbatda BMT Xavfsilik kengashining tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish va BMT shafeligida muzokaralar olib borishga chaqirilgan 2216-raqamli rezolyutsiyasi haqida ketmoqda. Rezolyutsiyada, shuningdek, husiychi-jangarilardan o‘z to‘dalarini mamlakat poytaxti Sano shahri va boshqa tumanlardan olib chiqish, hukumat harbiylaridan tortib olingan qurollarni topshirish ham talab qilingan.

Talabnomaning ikkinchi bandida esa 15 kunlik o‘q otishni to‘liq to‘xtatish rejimini e'lon qilish hamda isyonchilar nazorati ostidagi hududlarga insonparvar tashkilotlarining o‘tishiga ruxsat berish talab qilingan. Hukumat asirga olinganlar, birinchi navbatda mudofaa vaziri Mahmud as-Subeyhini ozod qilish, barcha davlat va harbiy obektlarni hukumatga qaytarish, og‘ir qurollarni topshirishni ham talab qilgan.

Yaman hukumatining yana bir talabi xalqaro tashkilot mutaxassislaridan iborat harbiy kuzatuvchilar guruhlarini tashkil etish, Yamanni qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etishdan iborat.

Al Arabia ma'lumotiga ko‘ra, Shayx Ahmad yaqin vaqtlar ichida mazkur talablarni husiychilarning “Ansor Alloh” harakati vakillari va Ummon poytaxti Maskat shahrida yashayotgan ular tomonidagi sobiq prezident Ali Abdulla Solihga topshiradi.

Yaman hukumati va isyonchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2014 yilning avgust oyida avj olgan bo‘lib, 2015 yil yanvarida husiychilarning “Ansor Alloh” jangarilari Yaman poytaxti Sano shahrini bosib olgan edi. Amaldagi prezident Abd Rabbo Mansur Hodiy avvaliga Adanga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. 25 mart kuni mazkur shahar ham isyonchilar qo‘liga o‘tganidan so‘ng esa u Yamanni tark etgan edi. 26 martda uning iltimosiga ko‘ra Saudiya Arabistoni Bahrayn, Qatar, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklari harbiy havo kuchlari yordamida husiychilarga qarshi harbiy-havo operatsiyalarini boshladi. Keyinchalik koalitsiyaga Misr, Iordaniya, Marokash va Sudan ham qo‘shildi.

Bir oycha muqaddam mamlakat bosh vaziri Holid Baxax Adan port shahrining ozod etilganini e'lon qildi. Bu hukumat kuchlarining birinchi yirik muvaffaqiyatidir. Ayni paytda ko‘ngilli jangchilar mamlakat janubidagi qariyb barcha provinsiyalarni ozod qilishga erishgan.

Top