11:51 / 24.08.2015
2774

Lukashenko qamoqdagi muxolifatchilarni afv etdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko qamoqqa olingan va G‘arbda siyosiy mahbuslar deb qaralayotgan 6 nafar muxolifatchini ozod qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ozod qilinganlar ichida 2010 yilda Lukashenkoga prezidentlik saylovlarida raqiblik qilgan Nikolay Statkevich ham bor. Shu yilning 11 oktabr kuni Lukashenko beshinchi bor prezidentlikka saylanishni niyat qilmoqda.

O‘nlab tarafdorlari bilan birga ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblanib qamoqqa olingan 59 yoshli Statkevich siyosatdan ketmoqchi emasligini ma'lum qildi.
“Men ilgari qilgan ishimni davom ettiraman, Belarus ozod bo‘lishiga intilaman. Lekin yaqin bir necha kun davomida men erkin osmonga ko‘nikishim kerak”, - dedi siyosatchi shanba kuni uni vokzalda kutib olgan tarafdorlari va jurnalistlarga.

Muxolif harakat faollarining katta qismi 2012 yildayoq afv etilganiga qaramay, G‘arb eng oxirgi mahbus ozod qilinmaguniga qadar Belarus bilan aloqalarni muzlatib qo‘yishini ma'lum qilgan edi.
“Menimcha, diktaturaning pul tugadi, endi ular o‘zlarini demokrat qilib ko‘rsatadi”, - qo‘shimcha qildi Statkevich.

Top