18:45 / 24.08.2015
5380

Sirg‘ali avtobozorida sotuvchi xaridor haqida yolg‘on guvohlik berib, pasportdagi yozuv tufayli fosh bo‘lib qoldi

Sirg‘ali ixtisoslashtirilgan avtobozoridaDamas rusumli mashinasini sotgan fuqaro xaridor haqida huquq-tartibot idoralariga yolg‘on guvohlik berganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Ogoh” gazetasi xabar bermoqda.

Aytilishicha, 1974 yili Namanganda tug‘ilgan Abduvali To‘xtayev Sirg‘ali bozoriga kelib, 1980 yili tug‘ilgan Husan Hakimovning Damas’iga xaridor bo‘lgan. Savdodan so‘ng mashina narxi 12.5 ming dollar deb belgilangan. Bu pulning 11.5 ming dollarlik qismini To‘xtayev darhol bergan, qolganini esa mashina rasmiylashtirilganida berishini aytgan.

Lekin Hakimov pulni ham, mashinani ham o‘ziga olib qolishni niyat qilib, huquq-tartibot idoralariga To‘xtayev ustidan arz qilgan va yolg‘on ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, xaridor unga faqat 1.5 ming dollar to‘lagan, qolgan pullarni esa bermay kelmoqda. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida yolg‘on guvohlik fosh etildi. Bunga IIBB EKMning qayta sud xatshunoslik ekspertizasining xulosalari yordam berdi.

Xulosaga ko‘ra, Hakimovning pasporti kseronusxasining orqasidagi past qismiga “Men oldim 11.5 ming dollar, qoldi ming dollar” yozuv va imzo hamda “Men Hakimov” so‘zlari bilan boshlanib “qoldi ming dollar” so‘zlari bilan yakunlangan yozuvlar Hakimovning o‘zi tomonidan yozilganligi aniqlandi.
Pullar egasiga qaytarilib, jinoyatchi javobgarlikka tortildi.

Top