21:02 / 26.08.2015
5239

Internetde Boliviya prezidenti tansoqchisi prezidentning tuflisi bog‘ichini boylab qo‘yayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi

Boliviya prezidenti Evo Morales ijtimoiy tenghuquqlikni buzganlikda ayblanmoqda. Bunga Moralesning tansoqchisi uning tuflisidagi bog‘ichni bog‘lab qo‘yayotgani tasvirlangan videoning internetda paydo bo‘lishi sabab bo‘lgan. Videoda prezidentning o‘zi bu vaqtda suhbatdoshi bilan suhbatlashishda davom etayotganini ko‘rish mumkin, deb yozmoqda The Daily Mirror nashri.

“Davlat xizmatchisi, askar yoki politsiyachini bunday kamsitish aqlga sig‘maydi”, deb izoh berdi bu holatga mamlakat muxolifati vakili Geri Prado.

Moralesning tanqid qilinishiga parlament deputati Arturo Murillo ham qo‘shildi. “Prezident o‘zini xudo deb bilib, nima xushiga kelsa, shuni qiladi”, deb prezidentning bu qilmishini qoralamoqda Murillo.

Ushbu video Moralesning Boliviyaning markazida joylashgan Kochabamba shahridagi sport markaziga tashrifi paytida olingan. Moralesning tarafdorlari bu video prezidentning sha'niga dog‘ tushirish maqsadida ataylab montaj qilingan bo‘lishi mumkin, deb ta'kidlamoqdalar. Hukumatdagi manbaning aytishicha, davlat rahbariga xavfsizlik nuqtai nazaridan engashish taqiqlangan.

Evo Morales o‘tgan yili uchinchi bor mamlakat rahbari etib qayta saylandi. U saylovlarda 60 foiz ovoz to‘plagan. Siyosatchi o‘z intervyularida bir necha bor juda kamtar yashashini aytgan. Morales xorijiy yetakchilar bilan uchrashuvlarda qamsuqum kostyumlar va to‘qilgan sviterlarda paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi. Biroq uning raqiblari uni avtoritarlikda ayblab, uning xatti-harakatlari o‘zi targ‘ib qiladigan qadriyatlarga zid kelishini ta'kidlaydilar.

Top