10:44 / 26.08.2015
6403

Namanganda ilk bor noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Namangan viloyat Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari ilk marotaba noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi.
“Novosti Uzbekistana” internet-nashri ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil mart oyida Namangan viloyatidagi Irvadan qishlog‘ida Xusniddin ismli bola ota-onasiga yordam berish maqsadida chorva moliga ozuqa berishga qaror qiladi. Hovliga chiqib, pichan maydalovchi elektr uskunani ishga tushiradi. Ehtiyotsizlik tufayli ko‘ylagining yengi parrakda o‘ralashib qoladi va o‘tkir kesuvchi agregat chap qo‘lini yelkasidan kesib yuboradi.
– Xusniddinni “tez tibbiy yordam” avtomobilida qo‘li to‘liq kesilgan va shok holatida olib kelishdi, – deb eslaydi markazning qon-tomir bo‘limi rahbari, oliy toifali shifokor Baxtiyor Rahimov. — Dastlabki tekshiruvlardan ma'lum bo‘ldiki, yelka suyagi maydalanib singan, mushak, tomir va asab tolalari to‘liq uzilgan. Qo‘lni joyiga o‘tqazish bo‘yicha travmotolog-shifokorlar va qon-tomir jarrohlaridan iborat ikki guruh shoshilinch jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Sh. O‘rinov, M. Vaqqosov, U. Xojimatov, Sh. Yusupov, A. Xo‘jamberdiyev, A. Yuldashev va boshqalarning professionalligi, zargarona mehnatlari tufayli suyaklar tiklanib, mushak, qon-tomir va asab tolari ulandi.
Markaz direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Muhammadjon Vaqqosovning aytishicha, jarrohlik amaliyoti 6 soat davom etgan. Unda vena qon tomirlarini bemorning o‘zidan ko‘chirib o‘tkazish muqaddam amaliyotda juda kam qo‘llanilgan usuldan foydalanilgan. Natijada Xusniddinning qo‘li tuzaldi, u barmoqlarini harakatga keltirmoqda, issiq va sovuqlikni his qilmoqda. Yangi o‘quv yilida bola to‘liq sog‘lom holatda darslarda ishtirok etadi.

Top