12:10 / 27.08.2015
9249

Kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba ta'lim krediti olishda yosh yurist maslahatidan foydalandi

Feysbuk ijtimoiy tarmohidagi "Maslahat.uz" guruhiga admin Xushnudbek Xudayberdiyev tomonidan "Kontraktga o‘qishga kirgan va ta'lim krediti olishda muammoga duch kelganlar uchun maxsus!" nomi bilan yangi post joylashtirdi.

Unga ko‘ra, muallifdan ta'lim krediti olishda maslahat so‘ragan talaba o‘z niyatiga muammosiz yetishgani ma'lum bo‘ladi.

"Salom Xushnudbek aka. Sizning maslahatingizga amal qilib, My.gov portali orqali Markaziy bankka shikoyat xati yuborgandim. Yuborgan kunimning ertasiga tush vaqtida tumanimizdagi banklardan biridan telefon qilishib, tezda yetib kelishimni so‘rashdi. Borganimda, Markaziy bankdan odam jo‘natishiganini, ular boshliq xonasida o‘tirishganini ko‘rdim. Muammoni tushintirgandim, tezda hal qilib berishdi. Shu kunlarda hamma hujjatlarni tayyorlab bersam, 10 yilga 9 foiz bilan ta'lim krediti beradigan bo‘lib turishibdi. Maslahatingiz uchun katta rahmat!", deya o‘z minnatdorchiligini bildiradi talaba.

"Mana yana bir bank bilan bog‘liq muammo tezda hal bo‘libdi. Markaziy bankning fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimi haqiqatdan tahsinga loyiq!
O‘rtoqlar, sizlar ham My.gov.uz sayti orqali davlat organlariga murojaatlar yuborishda faol bo‘ling. Nima qilsam ekan deb o‘ylanib yurmang", deya jamoatchilikka murojaat qiladi Xushnudbek Xudayberdiyev.

Eslatib o‘tish joizki, bundan avvalroq ham, yosh yuristning maslahati orqali naqd pulni ololmayotgan mijoz Markaziy Bank ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, bir kunda o‘z omonatini qaytarib olgandi.

Top