16:52 / 11.09.2015
2952

2016 yilning aprel oyida Xitoyda O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazilishi mumkin

Toshkentda tashkil etilgan «Xitoy kinosi kunlari» doirasida O‘zbekistonda bo‘lgan Xitoy delegatsiyasi vakillari 8 sentabr kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbariyati va o‘zbekistonlik kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligni rahbari Ahmadjon Umarov mehmonlarni «Xitoy kinosi kunlari»ning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada o‘tgani bilan qutlab, kinematografiya sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hurmat kabi abadiy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida filmlar almashinuvini tashkil etish, O‘zbekiston va Xitoy kinoijodkorlarini jalb etgan holda qo‘shma filmlar suratga olish, multplikatsiya sohasida hamkorlik qilish, o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Xitoyda O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazish va Xitoydagi nufuzli xalqaro kinofestivallarda o‘zbek filmlarining ishtiroki uchun shart-sharoit yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Xitoy delegatsiyasi rahbari Luan Chjigo samimiy va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan kinematografiya sohasidagi hamkorlikni turli yo‘nalishlarda rivojlantirishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Mehmonning qayd etishicha, 2016 yilning aprel oyida Xitoyda O‘zbekiston kinosi kunlarini yuqori saviyada o‘tkazish imkoniyati mavjud, 2015 yilning oktabr oyida esa Xitoyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro kinofestivaliga o‘zbekistonlik ijodkorlar tomonidan suratga olingan filmlarni tavsiya etish mumkin.

«Xitoylik kinoijodkorlar bilan aloqaning o‘rnatilishi bu o‘zbek kinematografiyasi uchun ham ijobiy qadam bo‘ladi, ikki davlat hukumatlari qo‘shma film suratga olishga qaror qiladigan bo‘lsa bu jarayonda faol ishtirok etishga doim tayyorman», – dedi uchrashuvda qatnashgan rejissyor Ayub Shahobiddinov. Uning xitoylik hamkasbi, «Xitoy kinosi kunlari»ni ochib bergan va tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo‘lgan «Samimiy sevgi» («Mehr-muhabbat») badiiy filmi rejissyori Sherzod Yoqub o‘zi faoliyat olib boradigan «Tyanshan» kinostudiyasini hamkorlikda ishlab chiqariladigan filmga jalb etish mumkinligini aytib o‘tdi.

Delegatsiya a'zolari shu kuni O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida ham bo‘lib, institut pedagog-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi, muassasa faoliyati, san'at va madaniyat sohasida ta'lim olayotgan talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, Xitoy delegatsiyasi Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirdi.

Xitoy delegatsiyasining tashrifi 9 sentabr, chorshanba kuni yakuniga yetdi va delegatsiya a'zolari Xitoyga jo‘nab ketdi.

Top