10:07 / 11.09.2015
9707

So‘nggi qozoq xonining boshi qayerda?

“Mir” telekanalining Qozog‘iston filiali xodimlari so‘nggi qozoq xoni Kenesari Qosimovning boshini qidirib, o‘z tadqiqotlari asosida hujjatli film suratga olishdi.

Kenesari Qosimov (1802-1847) oxirgi mashhur qozoq sultoni bo‘lib, jung‘orlarga qarshi kurashda nom chiqargan Ablayxonning nabirasi hisoblanadi. 1837 yildan boshlab Rossiyaga qarshi kurash olib borgan. 1841 yilda u uchala qozoq juzining xoni deb e'lon qilingan. 1847 yili qirg‘iz oqsoqollari tomonidan uning boshi tanasidan judo qilingan. So‘nggi qozoq xonining kallasi ular tomonidan tobe'lik izhori sifatida Rossiya Imperiyasi hukumatiga topshirilgan.

Shundan buyon uning boshi qayerdaligi noma'lumligicha qolmoqda. Sovet davrida u Rossiyaning muzeylaridan biriga taqdim etilgan, keyinroq esa sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan.
“Mir” telekanalining qozog‘istonlik ijodkorlari Kenesarining boshi qayerda ekanligini aniqlashga intilib, Rossiyaning bir qancha muzey va arxivlariga tashrif buyurishdi. Garchi ular jumboqni hal qila olmagan bo‘lsa-da, arxivlarda ko‘plab yangi hujjatlar va topilmalarga duch kelishdi. Ular orasida eng diqqatga sazovori 200 yil muqaddam dashtda kuylangan ashulalar matni bo‘ldi.
Film Moskva, Omsk, Ostona, Bishkek, Sankt-Peterburg shaharlarida olib borildi.

“Kenesari Qosimov shaxsiyati afsona va rivoyatlarga chulg‘angan. Filmda biz uning boshi qayerga ketganligi haqida eng keng tarqalgan versiyalarni ko‘rib chiqib, asossiz va yanglish taxminlarni inkor qilishga intildik”, - dedi kinoloyiha boshlovchisi, jurnalist Timur Sandiboyev.

Top