21:43 / 15.09.2015
4652

Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari ishtirokida kooperatsion birja tashkil etildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning eksport-import, savdo, sanoat, avtomobilsozlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektron mahsulotlar va tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, sug‘urta, kosmetika kabi sohalarda faoliyat yuritadigan vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda barqaror rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov joriy yilning may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi strategik sheriklik munosabatlariga yangi sur'at bag‘ishlagani va tashrif doirasida qariyb 7,7 milliard AQSh dollariga teng 60 hujjat imzolangani ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlardir. Bu sohada ikki davlat o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-sanoat, sarmoya, neft-gaz, konchilik, mashinasozlik, to‘qimachilik, logistika, kimyo sanoati, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Buning samarasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil yuksalib bormoqda.

Investitsiyaviy hamkorlik ko‘lami ham muntazam kengaymoqda. Janubiy koreyalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda, mamlakatimizga investitsiya kiritib, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda Janubiy Koreya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan yuzlab korxonalar mavjud bo‘lib, ular savdo, to‘qimachilik va yengil sanoat, tog‘-kon metallurgiyasi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, sayyohlik, sog‘liqni saqlash va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ish yuritmoqda.

Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi marralarga olib chiqish uchun ikki tomon ham ulkan imkoniyatlarga ega ekani qayd etildi. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish, mahsulot turlarini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sarmoya kiritishning istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari, “Navoiy” va “Angren” industrial zonalaridagi qulayliklar va imtiyozlar xususida so‘z yuritildi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va ularning ijrosi, hamkorlik istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.

"Tashkilotimiz Janubiy Koreya korxonalarining tashqi bozordagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Ulkan iqtisodiy salohiyatga ega O‘zbekiston bozori g‘oyat istiqbolli. Mamlakatingiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, yuksak ko‘rsatkichlarga erishmoqda. O‘zbekistonda har yili yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sish sur'ati 8 foizdan oshayotgani tahsinga loyiq. Mazkur tadbirda ishtirok etgan Janubiy Koreyaning barcha kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda. Uyushmamiz O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirmoqda", dedi “Kobia” Janubiy Koreya biznes-inkubatsiya uyushmasi vitse-prezidenti Li Gi Suk.

Kooperatsion birjada O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari vakillari hamda Janubiy Koreya ishbilarmonlari o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida biznes aloqalarini kengaytirish, savdo va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldi.

Top