16:50 / 26.10.2015
4109

O‘zbekistonda 2015 yilda 3,3 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi

O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2015 yilning yanvar-sentabr oylarida jami 3388,1 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 115,9 foizga o‘sishga erishildi.

Davlat statistika Qo‘mitasi matbuot xizmatining yozishicha, bugungi kunda tarmoqda ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy sanoat hajmidagi ulushi 5,4 foizni tashkil etmoqda.

Yirik sanoat korxonalari tomonidan, o‘tgan yilga nisbatan bir qator mahsulot turlarini ishlab chiqarish hajmlarining oshirilishiga erishildi, jumladan ishlov berilgan marmar, travertin, alebastr va ulardan tayyorlangan buyumlar – 29,3 foizga, kaolin – 4,3 martaga, listlangan shisha – 1,4 martaga, qurilish uchun o‘tga chidamsiz keramik g‘ishtlar – 17,3 foizga, tomga yopish uchun keramik cherepitsa – 6,7 foizga, yo‘l qoplamalari uchun asfaltli aralashmalar ishlab chiqarish hajmi – 8,0 foizga oshdi.

Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2014 yilning tegishli davriga nisbatan portlandtsement ishlab chiqarish– 13,6 foizga, gips ishlab chiqarish – 10,3 foizga, shag‘al – 7,8 foizga, ohaktosh – 41,7 foizga, tovar beton – 2,3 martaga, qurilish uchun qorishmalar va aralashmalar ishlab chiqarish – 2,0 martaga o‘sgan.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Navoiy (tarmoqning umumiy hajmiga nisbatan 20,7 foiz), Toshkent (20,4 foiz), Farg‘ona (12,9 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11,3 foiz) korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, kichik biznes sub'yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmining o‘sishiga olib kelmoqda (o‘sish sur'ati o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 128,6 foizni tashkil etdi, tarmoqning jami sanoat hajmidagi ulushi esa 50,9 foizga yetdi).

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, hozirgi paytda O‘zbekistonda 5040ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ulardan 604 tasi 2015 yilda yangi tashkil qilingan korxonalar hisoblanadi.

Top