11:13 / 30.10.2015
3771

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Jumhuriyat kunida o‘zbek tilida chiqish qildi

Kecha, 29 oktabr kuni Turkiyada Jumhuriyat kuni nishonlandi. Ushbu bayram sharofatiga Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi Grand Mir Hotel mehmonxonasida tantanali qabul uyushtirdi.

Tadbirga Toshkentda joylashgan diplomatik korpuslar rahbarlari, hukumat vakillari va OAV xodimlari taklif qilindi. Tadbir Turkiyaning TRT Haber telekanali orqali yoritildi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Namiq Gyuner Erpul o‘zi faoliyat olib borayotgan mamlakat madaniyatiga yuksak hurmat nishonasi tariqasida mehmonlar oldida o‘zbek tilida chiqish qildi. U mehmonlarga tashriflari uchun minnatdorchilik bildirib, Turkiya uchun ushbu bayramning ahamiyati, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning samarali rivojlanayotgani haqida gapirdi. Bundan tashqari, u Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘zbekistonliklarga bayram munosabati bilan yo‘llagan maktubini o‘qib eshittirdi.

Chiqish davomida Gyuner Erpul Turkiya iqtisodiyotining shiddat bilan rivojlanib borayotganini hamda Yevropada 6-o‘ringa chiqib olganini alohida qayd qilib o‘tdi.

Shundan so‘ng mehmonlar uchun dasturxon yozildi. Tadbirning norasmiy qismi suhbatlar va tabriklarda o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Turkiya Respublikasi tashkil topganligining 92 yilligi keng miqyosda nishonlandi.

Top