05:22 / 31.10.2015
7045

Toshkentda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatelga ega avtobus namoyish qilindi

Shu kunlarda o‘tayotgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi doirasida Samarqand avtomobil zavodi siqilgan tabiiy gazda ishlovchi (CNG) dvigatelga ega avtobus namoyish qildi.

CNG dvigatelli avtomobillarning ekologik va iqtisodiy tomondan foydali ekanligini hisobga olgan holda, bunday mahsulotga talab yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu tendensiyani hisobga olib, Samarqand avtomobil zavodida ISUZU Motors ko‘magida CNG dvigatelli yo‘lovchi avtobusi ishlab chiqish zarurligi haqida qaror qabul qilindi. Yevro-4 yuqori ekologik standartiga muvofiq kelgan holda, bunday turdagi avtobuslar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi transportining yangi sifat darajasiga chiqishiga imkon beradi.

O‘zbekiston hukumati qaroriga ko‘ra, CNG dvigatelli  tijorat avtomobillarining ishlab chiqarilishi ISUZU va Samarqand avtomobil zavodining qo‘shma loyihasi doirasida 2011 yilda boshlangan edi. 2013 yilda gaz dvigatelli yuk avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlandi, 2014 yilda esa zavod tomonidan CNG dvigatelli  maxsus chiqindi tashuvchi avtomobillar ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishiga buyurtma olindi.

Shu bilan birga “SamAvto” past polli LE60 avtobuslarini ishlab chiqarishni davom ettirmoqda. Zavod O‘zbekiston shaharlarining avtoparklariga birinchi bunday avtobuslarni yetkazib bera boshladi. Keyingi yilda bu avtobuslarning ishlab chiqarilishi hajmi oshiriladi. Samauto LE60 avtobusining loyihalashtirilishida Rossiyaning “Ermis” injiniring kompaniyasi ishtirok etgan. Avtobus Cummins (185 ot kuchiga ega) yoki ISUZU (190 ot kuchiga ega) dvigatellari, mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda zavodda 56 kishigacha sig‘imga ega, 100 dan 190 ot kuchigacha ega dvigatelli 4 xil modeldagi avtobus hamda yuk ko‘tarishi 1,5 tonnadan 8 tonnagacha bo‘lgan 7 ta modeldagi yuk va maxsus avtomobillar (NKR, NQR, NPS, NPR82L-CNG, FVR33P, FVR33G, FTR33H) ishlab chiqariladi. Hammasi bo‘lib shu kungacha zavodda Isuzu Motors agregatlari negizida 22 mingdan ko‘proq avtobus va yuk mashinasi ishlab chiqarilgan.

Top