14:31 / 01.11.2015
3609

WYCC 2015: O‘zbekistonlik shaxmatchilar ishtiroklarini mag‘lubiyatsiz boshlashdi

Gretsiyaning Xalkidiki shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida 6-tur partiyalari ortda qoldi. Musobaqa shveysarcha tizimda o‘tkazilmoqda. G‘olib va sovrindorlar 11ta tur yakuniga ko‘ra aniqlanadi.

5 noyabrga qadar davom etadigan jahon chempionatida 122 davlatdan 1600 nafardan ziyod shaxmatchilar ishtirok etmoqda. Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Mamatqul Haylayev va grossmeyster Marat Jumayev murabbiyligidagi 15 nafar yosh shaxmatchilar himoya qilishyapti.

Ular orasida Bahora Abdusattorova va Nodirbek Abdusattorov hozircha o‘tkazilgan barcha 5ta partiyada raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z yosh toifalarida peshqadamlik qilishayotgandi. 31 oktabr kuni o‘tkazilgan 6-turda bu ikki shaxmatchimiz ilk bor ochko yo‘qotishdi.

16 yoshli shaxmatchilar guruhida ishtirok etayotgan Bahora Abdusattorova 6-turda qora donalarda polshalik raqibasi Oliviya Kiolbasa bilan durang o‘ynadi. Shunga qaramay, Bahora 5,5 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi.

12 yoshlilar guruhida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazayotgan Nodirbek Abdusattorov esa bu turda qora donalarda harakat qildi va eronlik Alirizo Firouzja bilan murosaga keldi. Nodirbek ham 5,5 ochko bilan o‘z yosh guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

10 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar guruhida qatnashayotgan Javohir Sindarov kutilmaganda oq donalarda o‘ynashiga qaramay, vetnamlik Kuok Nguenga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Islombek Sindarov esa gretsiyalik Georgiso Kostelidesdan ustun keldi.

Shuningdek, 6-turda Adel Rahmon vengriyalik Florian Kajurga, Muzaffar Eminjonov chexiyalik Tomas Xurjanga, Leyla Kim amerikalik Marta Samadashviliga, Abdumalik Abdusalimov avstriyalik Valentin Dragnevga, Akobirxon Saydaliyev xitoylik Jyeylan Liuga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Shamsiddin Vohidov amerikalik Nikolas Chekani, Asal Salimova gretsiyalik Dimitra Galani, Nodirabegim Parpiyeva vengriyalik Jujanna Terbeni, Ruxshona Rahimberdiyeva koreyalik So Xyun Kangni mag‘lubiyatga uchratdi. Yuliya Xegay va Maftuna Bobomurodovalar esa raqibalari bilan murosa ko‘chasini tanlashdi.

Top