18:13 / 04.11.2015
1832

O‘zbekiston TIVda Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashi hamraisi qabul qilindi

2015 yilning 4 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Barbara Logan Heyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Barbara Logan Heyni Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston—Britaniya kengashi hamraisi etib tayinlanganligi bilan tabrikladi. Ushbu kengash ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni faollashtirish va kengaytirishning samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida davlatlararo muloqotning izchil rivojlanishi nuqtai nazaridan O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari hamda 5 noyabr kuni Toshkent shahrida ochilayotgan Xalqaro investitsiya forumi ishida nufuzli Britaniya delegatsiyasi ishtirokining amaliy masalalari muhokama qilindi.

Buyuk Britaniya elchisi Kristofer Alan ishtirokidagi uchrashuv davomida xalqaro kun tartibning ba'zi masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Top