12:06 / 04.11.2015
3300

Toshentdagi Xalqaro investitsiya forumida 40ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda

5-6 noyabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro investitsiya forumi o‘tkaziladi. Forum tashkiliy qo‘mitasi ma'lumotiga qaraganda, 2 noyabr holatiga ko‘ra 560dan ortiq xorij biznesi rahbarlari forum ishida ishtirok etishini tasdiqladi. Ular 33ta davlatning 250dan ziyod kompaniyalari, iqtisodiy birlashmalari va moliya muassasalarining vakillari hisoblanishadi. Mehmonlar orasida Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Energetika xartiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar menejyerlari ham bo‘lishi kutilmoqda.

Ishtirokchilarning yarmidan ortig‘i Koreya Respublikasi, Germaniya va AQSh vakillari bo‘ladi.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, forum doirasida O‘zbekiston va xorijiy sheriklar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan 40ga yaqin ikki tomonlama bitimlar, shartnomlar va boshqa hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Forumning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasida xususiylashtirish davlat dasturiga kiritilgan yetakchi korxonalarni taqdim etish va ularni ishlab chiqarishning modernizatsiyalanishi va texnologik yangilanishini ta'minlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy qilishdan iborat.

Tadbir dasturidan plenar yig‘ilishlar, yirik chet el investorlarining O‘zbekistonda biznes yuritish tajribasiga oid ma'ruzalari, iqtisodiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha seksiyaviy yig‘ilishlar va ular doirasidagi xususiylashtirish uchun taklif etilayotgan obektlar taqdimoti, korxonalarga tashrif o‘rin olgan.

Xalqaro investitsiya forumi chet el tadbirkorlarining o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishi, istiqbolli va tezkor sur'atlarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston bozorida yangi imkoniyatlarni ochishiga xizmat qiladi.

Top