19:39 / 05.11.2015
2663

Janubiy koreyalik shifokorlar Buxoroda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar

Buxoroda Buxoro viloyati ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida o‘zbekistonlik va janubiy koreyalik shifokorlar bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikdan ko‘zlangan maqsad bolalar salomatligini mustahkamlash, kam ta'minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Tibibyot markaziga kelgan xorijlik terapevt, pediatr, akusher-ginekolog, neyroxirurg va okulistlar uch kun davomida bolalar va keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Murojaat qilganlarning bir qismiga aniq tashxislar asosida davolanish bo‘yicha tavsiya bilan birga dori-darmon ham berildi.

“To‘rt yoshli o‘g‘limni shifokorlar sinchiklab tekshirdi, – deydi Nozima Boboyeva. – Jiddiy kasallik yo‘qligidan juda xursandman. Shunchaki, shifoxonada davolanishi kerak ekan. Bunday e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdormiz”

Tibbiy ko‘rikda viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazining tegishli yo‘nalishlardagi shifokorlari ham ishtirok etdi. Bu ular uchun tajriba almashish, mahoratlarini oshirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

“Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgan shifokor sifatida aytishim kerakki, O‘zbekistonda tibbiyot sohasida, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldim. Buxoro viloyati ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan. Bu yerda barcha sharoitlar mavjudligi bois biz keltirgan tibbiy uskunalarga hojat ham qolmadi”, dedi janubiy koreyalik shifokor Kang Pyong Sok.

Top