20:22 / 06.11.2015
13509

O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari: tenglik, do‘stlik, hamjihatlik

Bugungi murakkab vaziyatda dunyo tinchligi, xavfsizlik va barqarorlik davlatlar hamda millatlarning o‘zaro ishonchi, hamjihatligi va do‘stona aloqalarni mustahkam o‘rnatishiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Ijtimoiy-siyosiy, madaniy-iqtisodiy munosabatlarning ijobiy o‘zanda rivojlanishigina global muhitda, integratsiyalangan sharoitda yashashga ko‘nikib ulgurgan insoniyatni bugungi tang vaziyatdan olib chiqishi mumkin. 1991 yilda mustaqil davlat sifatida dunyo sahnasiga chiqqan mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov boshchiligida ana shu yo‘ldan, ya'ni tenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan siyosatni yuritgan holda dadillik, qat'iyat bilan olg‘a intilmoqda. Shu vaqtga qadar ko‘plab marotaba yurtimiz har qanday mojaro, ziddiyat va inqirozlarni tinchlik yo‘li bilan, umuminsoniy mezonlar, xalqaro qonun-qoidalar asosida hal etish tarafdori ekani ma'lum qilingan va mana shu pozitsiya sobitqadamlik bilan himoya etilmoqda.

Janubiy Koreya ham xuddi shu yo‘lda tobora taraqqiy etib borayotgan yana bir tinchlik, ezgulik va hamjihatlik mamlakati hisoblanadi. Ta'kidlash joizki, o‘zbek va koreys millatlarining o‘xshashlik, umumiylik jihatlari bisyor. Bizlarni til jihatdan Oltoy tillar oilasi birlashtirib turgan bo‘lsa, hudud jihatdan bir qit'a, bir mintaqa – Yevroosiyo va sharq umumiylashtirib turadi. Tarixiy, madaniy jihatdan ham ko‘plab uyg‘unliklarni ko‘rish mumkin. Jafokash koreys xalqi ham o‘zbeklar singari o‘tmishda ko‘p bor bosqinchilar zulmi ostida yashashga, ularga qarshi qon va jon kurashini olib borishga majbur bo‘lgan. Ana shunday qiyinchiliklar evaziga bo‘lsa kerak, koreyslar hozirgi tinch va farovon muhitda ham o‘zlarining mehnatsevarligi, tirishqoqligi bilan ajralib turadi, yangiliklarga qo‘l urib, turmush tarzini yanada farovonlashtirishga intilib yashaydi.

Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin Janubiy Koreya 1991 yil 30 dekabrda Osiyo — Tinch okean mintaqasi davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi. 1992 yilning 29 yanvar kuni esa ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Shu kundan buyon O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar har bir sohada ijobiy ruhda, muvaffaqiyatli tarzda rivojlanib borayapti.

1992 yilning 19 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan bordi. Mazkur tashrif ikki mamlakat, ikki millat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy-texnikaviy aloqalarga asos soldi. Aynan mana shu safar vaqtida “O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risida”gi dekloratsiya imzolandi. Savdo-iqtisodiy ayirboshlash, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga mablag‘ sarflaydigan Janubiy Koreya ishbilarmonlariga beriladigan kafolatlar to‘g‘risidagi qator shartnomalar imzolandi. Madaniyat, ta'lim, ommaviy axborot, sayohat, sport sohalarida hamkorlik qilishning uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalari belgilab olindi. Janubiy Koreyadagi DEU korporatsiyasi rahbarlari bilan Andijon viloyatining Asaka shahrida avtomobil zavodi qurishga kelishib olindi.

1992-1996 yillarda “O‘zDEUavto” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasini qurish, loyihalashtirish ishlari olib borildi. 1996 yilning 25 mart kuni zavodning ilk mahsuloti ishlab chiqarildi.

Mamlakatlarimiz hamkorlik ko‘lami savdo, sarmoya, eksport-import, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta'lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda janubiy koreyalik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 412 ta korxona, ushbu mamlakatdagi 81 kompaniyaning vakolatxona ishlamoqda. O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 6 milliard dollardan oshib ketdi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Yurtimiz tashqi savdosining 7,8 foizi aynan Janubiy Koreyaga tegishli bo‘lib, 2014 yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan oshdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida so‘z ketganida, madaniyat va ta'lim sohasidagi hamkorliklar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. 1992 yildan beri Toshkentda Koreys ta'lim markazi faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Bir nechta universitet va institutlarda koreys tili va madaniyati markazlari ochilgan. 13ta oliy ta'lim muassasasi, 28ta maktab va litseyda koreys tili o‘rgatilmoqda. O‘zbekiston universitetlari Janubiy Koreyadagi o‘ttizdan ziyod oliy o‘quv yurti va ilmiy ­ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil qilinishi bilan davom ettirildi. Shu maqsadda 2014 yil 24 martda prezidentimizning “Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, 27 martda esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahridagi Inxa universitetining faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bugun zamonaviy, xalqaro talablarga mos sharoitlarda o‘zbekistonlik yoshlar kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishi bo‘yicha bilim olmoqda.

Ijtimoiy sohadagi hamkorlik aloqalarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning o‘rni beqiyos bo‘lmoqda. Jumladan, KOICAning 2012 yildan beri O‘zDJTU va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida (JIDU) amalga oshirilayotgan 1,3 mln dollarlik loyihasi doirasida professional tarjimonlarni tayyorlash sohasidagi tizimga solindi. 2015 yil iyun oyida JIDUda Kompyuter yordamida imtihon olish va professional tarjimonlarni tayyorlash markazi ochilgan bo‘lsa, sentabr oyida O‘zDJTUda professional tarjimonlarni tayyorlash auditoriyasi ishga tushirildi.

Madaniyat sohasidagi hamkorlik ko‘lami ham yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, shu yilning 19-24 oktabr kunlari Toshkent, Navoyi va Urganch shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Korean week 2015” madaniyat haftaligi doirasida kinofestival, bolalar va o‘smirlar uchun futbol hamda koreys xalq amaliy san'ati bo‘yicha mahorat darslari, tasviriy san'at tanlovi tashkil etildi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda koreslar o‘rtasida ham o‘zbek tili, milliy urf-odatlarimiz, madaniyatimiz va san'atimizga katta qiziqish bildirganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Janubiy Koreyaning Tegu va Pusan chet tillari universitetlarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.

Ildizlari do‘stlik, sherikchilik va sharqona qadriyatlardan kuch olayotgan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar kelgusida ham jadal taraqqiy etaveradi.

Muallif: Sanjar Said

Top