18:15 / 12.11.2015
2705

Toshkentdagi jamoat transportlari har kuni deyarli 795 ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda

Toshkent aholisiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lmish "Toshshahartransxizmat" tarkibidagi ulovlar orqali kuniga 794,4 ming yo‘lovchi tashilmoqda. Bu haqda IX xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi paytida kompaniya taqdimoti orqali ma'lum qilingan.

Ma'lum qilinishicha, kompaniya avtobuslari orqali har kuni 616,4 ming yo‘lovchi, metropoliten orqali 140,4 ming, tramvaylar orqali 35,1 ming, mikroavtobuslar orqali esa 2,5 ming kishi tashilmoqda.

Kompaniya tarkibidagi transportning 86 foizini avtobuslar (1474 dona), 9,9 foizini metro vagonlari (198), 4,6 foizini tramvay vagonlari (63ta) va 0,5 foizini mikroavtobuslar (34ta) tashkil etadi.

Ayni vaqtda har kuni 139ta avtobus yo‘nalishida 1179ta avtobus harakatlanmoqda. 6ta marshrut bo‘yicha 63ta tramvay harakatlanadi.

29ta bekatdan iborat Toshkent metrosida esa 3ta yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar amalga oshiriladi.

O‘tgan asrdagi urush faxriylari, mehnat fronti faxriylari, ko‘zi ojiz nogironlar hamda harbiy xizmatchilarga bepul xizmatlar ko‘rsatilishi joriy qilingan.

Top