11:08 / 15.11.2015
4778

O‘zbekiston va Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi

2015 yilning 13 noyabr kuni poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida “Qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti loyihalari bo‘yicha hamkorlik rejasi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va Koreya Respublikasining vakolatli vazirlik va mahkamalari vakillari ishtirok etdi.
Review.uz ma'lumotlariga ko‘ra, seminar dasturida Iqtisodiy tadqiqotlar markazi izlanishlar muvofiqlashtiruvchisi Alisher Azamatovning “Tashqi savdo tartiblarini soddalashtirish sohasida tashqi savdoni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston imkoniyatlari” mavzusidagi ma'ruzasi katta ahamiyat kasb etdi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston hukumati tomonidan tadbirkorlik muhitini rivojlantirish sohasida olib borayotgan faol xatti-harakatlar natijasida respublika Jahon bankining 2016 yil uchun “Biznesni yuritish” restingida bir yo‘la 54 pog‘ona ilgariladi. O‘zbekiston tadbirkorlik faoliyati uchun boshqaruv muhitini takomillashtirishda eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi birinchi o‘nta mamlakat qatoridan o‘rin egalladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi eksperti ma'ruzasidan so‘ng seminar qatnashchilari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashib, ikki mamlakat o‘rtasida qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.
Seminar tadbir dasturida belgilangan barcha masalalar yuzasidan savol-javoblardan so‘ng yakuniga yetdi.

Top