17:13 / 18.11.2015
2451

Toshkent viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 88,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi

2015 yilning shu davriga qadar Toshkent viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 88,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Xabarda ta'kidlanishicha, Prezidentimizning 2015 yil 11 fevraldagi “2015-2019 yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyatida ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda.

Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlanayotgan korxonalarda xaridorgir, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Iqtisod qilingan mablag‘lar korxonalar investitsiya salohiyatini oshirish, ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulot narxini kamaytirishga yo‘naltirilayotir.

Masalan, o‘tgan yilning shu davrda o‘n uchta korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida 39 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot, jumladan, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb bir yarim barobar oshdi. Ya'ni, 20 korxonada 70 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq qilindi.

Top