07:38 / 19.11.2015
2491

Qozog‘istonda bloger ayirmachilik chaqiriqlari uchun qamoq jazosiga mahkum qilindi

Qozog‘istonning Ridder shahri sudi 26 yoshli bloger Igor Sichyovni ayirmachilikka chaqiriqda ayblov bilan 5 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi.  

Sichyov o‘z aybini tan olmadi va sud hukmi ustidan shikoyat qilmoqchi. Ayblov tomoni sudlanuvchiga 5 yillik qamoq jazosi berilishini so‘rab, misol tariqasida Qrimning Rossiya tarkibiga kirishini keltirib o‘tdi. Prokurorning aytishicha, Sichyov ataylab “rus aholi ko‘p yashaydigan hududda” ayirmachilik kayfiyatini uyg‘otmoqchi bo‘lgan.

Sichyov “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi “Ridderda tinglanganmi?” (“Podslushano v Riddere?”) guruhining ma'murlaridan biri bo‘lgan. Joriy yilning bahorida u guruhda “Ridderda ovoz berish o‘tkazilsa, nima bo‘lishini faraz qilib ko‘raylik” nomli post joylashtirdi, unda foydalanuvchilar Rossiya tarkibiga kirish yoki kirmaslik uchun ovoz berishlari mumkin bo‘ldi.  

“Men bu ovoz berishni yaratmaganman va e'tirozlardan keyin u o‘chirib tashlandi. Mening xatti-harakatlarimda hech qanday ayirmachilik faoliyatiga ishora bo‘lmagan”, deb yozdi Sichyov Qozog‘iston prezidenti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha komissiyaga yozgan shikoyatida.

2014 yil aprelda Qozog‘iston bosh prokuraturasi ayirmachilik faoliyati uchun jazolashni kuchaytirishini ma'lum qilgandi.

Top