19:17 / 26.11.2015
41562

Namangan viloyatiga yangi hokim tayinlandi

2015 yilning 26 noyabr kuni Namangan viloyat hokimligida xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining 6-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

Majlisda Xayrullo Xayitbayevich Bozarov Namangan viloyati hokimi etib tayinlandi. Bu haqda KUN.UZ nashri o‘z axborot manbasiga asoslanib, xabar beradi.

X.H.Bozorovni Namangan viloyati hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni UzAga joylashtirilgan.

"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 15-bandi va 102-moddasi hamda xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining qaroriga muvofiq:
Xayrullo Hayitboyevich Bozorov Namangan viloyati hokimi lavozimiga tayinlansin".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq Bahodir Tursunovich Yusupov Namangan viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan.

Xayrullo Bozorov 1976 yil 16 yanvarda Chortoq tumanida tavallud topgan. Oliy Majlis senati a'zosi.

Namangan viloyatining yangi hokimi 1995 yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini tugatgan.
U 1995 yildan 2003 yilgacha Namangan Davlat soliq boshqarmasi inspektori, katta inspektori, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishlagan.
2003 yildan 2005 yilgacha esa Namangan shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 2005-2006 yillarda Namangan viloyati hokimligining Axborot-tahlil guruhi bosh mutaxassisi, 2006-2007 yillarda hokimlikning Axborot-tahlil guruhi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Xayrulla Bozorov 2007-2008 yillarda Namangan viloyati hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.
U shu vaqtgacha viloyatning 3ta tumaniga hokimlik qilgan: 2008-2009 yillarda Uchqo‘rg‘on tumanida, 2009-2014 yillarda Chust tumanida, 2014 yildan hozirgacha Mingbuloq tumanida.

Top