10:54 / 28.11.2015
2246

Braziliya hukumati to‘g‘onlar buzilishi uchun javobgar kompaniyalarga qarshi 5.2 mlrd dollarlik da'vo tayyorlamoqda

Braziliya hukumati mamlakat janubi-sharqida to‘g‘onlar buzilishi uchun javobgar kompaniyalarga qarshi 20 mlrd real yoki 5.2 mlrd dollarlik da'vo tayyorlamoqda. Bu haqda mamlakat atrof muhitni himoya qilish vaziri Izabella Teysheyra bayonot berdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, olingan pullar ekologik talafotni bartaraf qilish hamda zarar ko‘rgan mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi.

“Kompaniyalar o‘zining rejalarini amalga oshirish doirasidagi harakatlari uchun javobgarlikni ham zimmalariga olishi lozim. Bu rejalar huquq-tartibot organlariga taqdim etiladi. Uzilgan biologik zanjirni tiklab bo‘lmaydi. Bizning vazifamiz salbiy oqibatlar bartaraf qilishdir”, - dedi u.
Vayron bo‘lgan to‘g‘onlar bilan ishlagan Samarco kompaniyasi 1 mlrd real (263 mln dollar) to‘lashga rozi bo‘ldi.

5 noyabr kuni mamlakat janubi-sharqida metallurgik ishlab chiqarish qoldiqlari tashlangan suvni ushlab turuvchi ikki to‘g‘on buzildi. Buning oqibatida 600 kishi yashaydigan hudud suv ostida qolib ketdi. Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, 11 kishi halok bo‘lgan, 12 kishi dom-daraksiz ketgan.

Top