23:01 / 30.11.2015
4761

Boliviya prezidenti: kapitalistik tizim sayyoramizni yo‘q qilmoqda

Boliviya prezidenti Evo Morales Parijda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim bo‘yicha anjumanida iqlim o‘zgarishlari muammolari uchun javobgarlikni “kapitalistik tizim” zimmasiga qo‘ydi va barcha mamlakatlarni Yer sayyorasini qutqarish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

“Ona Yerimizning yo‘q bo‘lib ketishiga xavf solayotgan iqlim o‘zgarishi atrofidagi fojiali vaziyat bo‘yicha xavotirimizni bildirish uchun uchrashishimiz kerak. Barcha hukumatlar, ayniqsa kapitalistik davlatlar sayyoramizni barbod qilishni zudlik bilan bas qilishi kerak”, deb aytdi Morales.

Morales “bozor erkinligi va inson huquqlari nomidan barbod qiluvchi kuchni ko‘targan” kapitalistik tizimni qattiq tanqid ostiga oldi. “Bu tizim iste'molning ulkan o‘sishiga olib keldi, bu esa hozir tabiat va insonning birgalikda mavjudligini barbod qilmoqda. Kapitalizm oxirgi ikki asr davomida butun savdoni faqatgina ba'zi bir saralanganlar foydasiga aylantirib, insoniyatning yakson qiluvchi formulasini yaratdi, kiritdi va o‘z foydasiga ishlatmoqda”, deb ta'kidlamoqda Morales.

“Tabiat ekspluatatsiya predmetiga aylanmoqda. Egoizm va haddan tashqari iste'mol dunyo hamjamiyatini yo‘q qilmoqda, agar biz kapitalizm yo‘lidan ketishda davom etsak, biz yo‘q bo‘lib ketishga mahkummiz”, deb aytmoqda kapitalistik tizim va jamiyatning g‘arb modelining dunyodagi bosh tanqidchilaridan biri Morales.

30 noyabrda 180 tadan ko‘p davlat vakillari Parijdagi uchrashuvda 1997 yildagi Kioto bayonnomasi o‘rniga keluvchi issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha yangi kelishuvni muhokama qilmoqdalar.

Top