17:49 / 30.11.2015
3243

Telegraph: Parijdagi teraktlardan so‘ng Belgiya yahudiylari mamlakatni tark etmoqda

Parijda hamda Yevropaning boshqa hududlarida sodir bo‘lgan bir qator qo‘poruvchilik harakatlaridan so‘ng Belgiya hududida istiqomat qilib kelayotgan 45 ming yahudiyning ko‘pchiligi mamlakatdan ketish imkoniyatini qidirmoqda, deb yozadi The Telegraph gazetasi.

Belgiya sionistik uyushmasining sobiq rahbari Betti Dan ayni paytda Belgiya uning jamoasi uchun xavfsiz ekanligi borasida jiddiy shubhalarini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga qaraganda, portlashlar sodir etilishdan so‘ng unga har hafta kamida bir kishi murojaat qilib, mamlakatni tark etish imkoniyatlarini surishtirgan. Ammo teraktlardan so‘ng bunda so‘rovlar kuniga beshtani tashkil qilmoqda.

“Bir necha yil muqaddam bunday so‘rov bilan murojaat qiladiganlar asosan nafaqaxo‘rlar edi, ular Isroil poytaxtida yashashni istashardi. Bugun bu bolalarga ega bo‘lgan yosh insonlar, ular bu yerda hamma narsani tashlab, uylarini sotib yuborishga majbur. Ular qo‘rqib qoldi”, - vaziyatni tushuntirdi ayol.

Dan xonimning o‘zi ham yaqin orada oilasi bilan Tel-Avivga ketishni rejalashtirayotganini, ammo Belgiya uning ona vatani bo‘lgani uchun bu qaror unga og‘ir kelganini tan oldi.

Yahudiy jamoasi yetakchilari Belgiyada antisemitizmning (yahudiylarga nisbatan nafratning) o‘sib borayotganidan, bunday kayfiyatlar asosan kelib chiqishi arab bo‘lgan yoshlar orasida kuchayib borayotganidan ogohlantirmoqda.

O‘tgan hafta yakunida Belgiya politsiyasi terakt xavfi bois ko‘chalarni nazorat qilayotgan edi. O‘shanda Ikkinchi jahon urushidan buyon birinchi marta yahudiy sinagogasi shabbatda yopilishga majbur bo‘ldi. Shu bilan bog‘liq ravishda Belgiya ravvini Gigi Avraam “yahudiylar uylarida ibodat qilmoqda, bu degani ularning Yevropada kelajagi yo‘qdir”, deb ta'kidladi.

Top