22:47 / 30.11.2015
5522

Turkiya rossiyaliklarga nisbatan sanksiya qo‘llanmasligini bildirdi

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘luning ma'lum qilishicha, Anqara rossiya fuqarolariga nisbatan hech qanday cheklovlarni joriy etmaydi. Bu haqda 30 noyabr kuni bosh vazir Bryusseldagi YeI-Turkiya sammiti doirasida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuvidan keyin ma'lum qilgan.

"Biz Rossiya xalqiga yomon ta'sir ko‘rsatadigan har qanday harakatni amalga oshirishdan yiroqmiz. Rossiya xalqi - bizning do‘stlarimizdir. Antalya ko‘pchilik rossiyaliklar uchun ikkinchi uyga aylangan. Biz Rossiyadan sayyohlar kelishda davom etishini kutamiz", degan u.
Uning eslatib o‘tishicha, Turkiya hamisha iqtisodiy jazo choralariga qarshidir.
"Rossiyaning sanksiyalar borasidagi harakati o‘ziga zarar keltirishi mumkin. Tomonlar iqtisodiy aloqalarini saqlab qolishi kerak", deydi vazir.
U Rossiyani ikki tomon o‘rtasidagi tushunmovchilikni bartaraf etish uchun muhokamaga chaqirgan.
"Biz o‘zaro aloqalarning kelajagi xususida dialog o‘tkazishga tayyormiz. Shuni e'tiborga olish kerakki, biz o‘z chegaralarimizni himoya qildik va xalq oldidagi burchimizni bajardik", degan u.

Shu bilan birgalikda vazir Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning fikrini takrorlagan va Turkiya Su-24 samolyoti urib tushirilishida o‘zini aybdor sanamasligi hamda buning uchun Rossiyadan uzr so‘ramasligini ta'kidlagan.

"Agar ular istashsa, voqeaga aloqador barcha texnik ma'lumotlarni taqdim etamiz", deydi Dovudo‘g‘lu.

Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga nisbatan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash bo‘yicha farmonni imzolagandi.

24 noyabr kuni Suriya osmonida urib tushirilgan Su-24 bombardimonchi samolyoti Suriyaning Lataqiya viloyati hududiga, Turkiya chegarasiga yaqin bo‘lgan hamda Rossiya aviatsiyasi bazasi joylashgan hududga qulagandi.

Samolyotni urib tushirgan Turkiya tomoni samolyot o‘z havo kengliklarini buzib o‘tganlikda ayblab urib tushirgan.

Moskva tomoni esa bu ayblovni tan olmagan.

Top