12:09 / 01.12.2015
2449

Toshkentda giyohvand moddalarning noqonuniy almashinuviga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh tajribasi muhokama qilinmoqda

Toshkentda “Giyohvand moddalarning noqonuniy almashinuviga qarshi kurashning jinoiy-protsessual va sud-huquq mexanizmlari: O‘zbekiston va AQSh tajribasi” mavzusida seminar o‘z ishini boshladi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qoshidagi Tadqiqot markazi “Mintaqaviy dialog” nodavlat tashkiloti (Sloveniya)ning filiali bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumda respublikamizdagi qator vazirlik va mahkamalar vakillari, adliya sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligining mutaxassislari, Amerika yuristlar asotsiatsiyasi advokatlari ishtirok etmoqda.

Unda giyohvand moddalarning noqonuniy almashinuviga qarshi kurashning jinoiy-protsessual, sud-huquqiy asoslari, ularning joriy etilishi amaliyoti, sud jarayoni ishtirokchilari (prokuratura, advokatlar, sudyalar va boshqalar)ning mazkur toifadagi jinoiy ishlar bo‘yicha adliyaga jo‘natilishidagi roli, “oq ajal”ning tarqalishiga qarshi kurash sohasida tergov harakatlari va sud amaliyoti harakatlarining ishlab chiqarilishi masalalari muhokama etilishi rejalashtirilgan edi.

Seminar doirasida sud-tergov xodimlari malakasini oshirishga yo‘naltirilgan asoslarni ko‘rib chiqish, giyohvand moddalarning almashinuvi bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud jarayonini sifatli va tezkorlik bilan amalga oshirishni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgan.

Top