20:27 / 03.12.2015
4718

Mehnat vazirligi: O‘zbekistonda 30 noyabrdan 30 dekabrgacha mehr-muruvvat oyligi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda “3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan 2015 yilning 30 noyabridan 30 dekabriga qadar mexr-muruvvat oyligi o‘tkaziladi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Axborot xizmati Kun.uz saytiga xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlis bayoniga binoan “3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni”ni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tarkibi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, ijro uchun joylarga yetkazildi. Mazkur topshiriqqa binoan, xuddi shunday tadbirlar nafaqat vatanimiz poytaxti - Toshkent shahrida, balki respublikamizning barcha viloyatlarida, tuman va shaharlarda mahalliy xokimliklar bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Mehr-muruvvat oyligi davomida quyidagi tadbirlar amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida har bir tuman (shahar)larda kamida 50 nafardan nogironga bepul yuridik maslahat xizmatlari ko‘rsatish aksiyasini o‘tkazish, Oliy majlis, viloyat va tuman kengashlarining deputatlari bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda nogironlarni saylov punktlarida ovoz berishlari uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus yo‘lakchalar, ko‘zi ojiz nogironlar uchun shart-sharoitlar) yaratish;
3 ming nafar nogironlarni bepul tibbiy tekshirish, laborator-funksional tekshirishlardan tashkil etish, davolash, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, sog‘lomlashtirish bo‘yicha ijtimoiy targ‘ibot tadbirlarini uyushtirish hamda Nogironlar jamiyati, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda 2 ming nafar yotib qolgan nogironlarning uylariga borib, holidan xabar olish hamda ularga uylarida xayriya ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish aksiyasini amalga oshirish;
oylik davomida har bir tuman va shaharlarda nogironlar to‘sqinliksiz harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni maxsus belgilar bilan jihozlash aksiyasini o‘tkazish hamda har bir hududda nogironlar kirishi va foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan ijtimoiy infratuzilma obektlari ko‘rik-tanlovini o‘tkazish;
nogironlik masalalariga bag‘ishlangan teleroliklar va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etish, o‘tkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta'minlash, ko‘rsatuvlarni subtitr yoki surdo tarjima bilan ta'minlash;

193 ta tuman va shaharlarda nogironlar uchun kvotalangan ish o‘rinlari maxsus mehnat yarmarkalarini o‘tkazish va har bir tumanda kamida 50 nafardan (jami 10 ming nafarga yaqin) nogironlarni kvota ish o‘rinlariga joylashtirish, nogironlarning ish joylarini moslashtirish, maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlash choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.

Ushbu kunlarda nogironlar uchun madaniy tadbirlar tashkil etilib, bayram dasturxonlari tuzab, ularga homiy tashkilotlarning sovg‘alari yetkaziladi.

Top