16:07 / 03.12.2015
2635

O‘zbekistonda 600 ming imkoniyati cheklangan kishi yashamoqda

1992 yili BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni deb e'lon qilingan edi. Shundan buyon har yili ushbu sanada nogironlar masalasiga alohida e'tibor qaritilib, mazkur sanaga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkaziladi, imkoniyati cheklangan kishilar holidan xabar olinib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda 1 milliarddan ziyod kishi (sayyoramiz aholisining 15 foizi) nogironlikning qaysidir ko‘rinishiga ega. O‘zbekiston Nogironlar jamiyati taqdim etgan raqamlar esa yurtimizda 600 ming nafar imkoniyati cheklangan kishi istiqomat qilishini ko‘rsatmoqda.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimida har yili 17 ming nafarga yaqin nogironlar milliy va mintaqaviy reabilitatsiya markazlarida davolanib, o‘rtacha 12 ming nafari protez-ortopedik buyumlar va texnik reabilitatsiya vositalariga ega bo‘lishmoqda. Shuningdek, taxminan 5,7 ming katta yoshli nogironlar va keksalar “Muruvvat” hamda “Sahovat” uylarida istiqomat qilishmoqda. 2014 yilda vazirlik tizimida ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishni moliyalashtirishga 105 mlrd so‘m yo‘naltirildi.

Top